SSV matbuot kotibi Furqat Sanayev telegramdagi rasmiy kanalini ochdi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev keng jamoatchilikka sog‘liqni saqlash vazirligi va tizim faoliyatidagi yangilik va xabarlarni yetkazish maqsadida Telegram ijtimoiy tarmog‘ida o‘zining rasmiy kanalini ochdi.
Kanaldagi ilk postda sohaning eng dolzarb muammosi - shifokorlarning haq-huquqlari to‘la ta'minlanmagani haqidagi mavzuda so‘z yuritilgan.
«Keyingi paytlarda internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz va tahdid qilinishi bilan bog‘liq xabarlar ko‘payib boryapti.
Afsuski, bugungi kungacha shifokorlarga qilinayotgan bunday qonunbuzarliklarga yetarli darajada huquqiy chora ko‘rilmay kelinmoqda. Ko‘p holatlarda tomonlar kechirim so‘rash bilan yarashtirilgan. Ba'zi holatlarda umuman huquqiy ta'sir choralari ko‘rilmagan. Masalan, 2017–2019 yillarda birgina shoshilinch va tez yordam tizimi shifokorlariga bemorlarning yaqinlari va qarindoshlari tomonidan 266 marta zo‘ravonlik qilish, ularga tan jarohati yetkazish kabi noqonuniy harakatlar sodir etilgan. Bundan 340 nafardan ko‘proq tibbiyot xodimlari jabr ko‘rgan. Ushbu vaziyatda bor yo‘g‘i 40 holatda jazo chorasi qo‘llangan. 109 holatda yarashtiruv bilan ish tugallangan, 128 holatda shifokorlarga tahdid qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy jazo ko‘rish masalasi hal etilmagan. Taassufki, vazirligimiz jinoyatga huquqiy baho berish, aniqlash va jazolash vakolatiga ega emas.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, amaldagi jinoyat qonunchiligida xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularga bu jarayonda tan jarohati yetkazish uchun javobgarlik choralari nisbatan yengil hisoblanadi. Holbuki, huquq-tartibot organlari xodimlari bilan shunday holat ro‘y bersa, aybdor qonun oldida qat'iy javob beradi. Ijtimoiy tarmoqlarda xabar qilinishicha, yaqinda Buxoroda yo‘l patrul xizmati inspektorining ko‘krak nishoni, radioaloqa vositasi va jyezl tayog‘ini tortib olgan fuqaro 10 oyga qamaldi. Bundan bir muddat oldin Navoiyda tez tibbiy yordam shifokorini haqoratlab, tahqirlagan holatga bevosita vazirligimizning murojaatidan so‘ng ham aybdor shaxs esa 15 sutka qamoq va ozgina jarima bilan qutulib ketganligini qanday baholash mumkin?
Shundan kelib chiqib, yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ko‘magida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi va birinchi o‘qishda qabul qilindi. Ayni paytda soha mutaxassislari va ekspertlari tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.
Bu hozirda qariyb har kuni sodir bo‘ladigan hodisaga aylanib ulgurgan tajovuzlarning oldini olishda katta profilaktik ta'sir kuchga ega bo‘lishidan umidvormiz.
Fuqarolarimiz ham zimmalariga zalvorli mas'uliyat yukini olib, insonlar salomatligi yo‘lida kun-u tun xizmat qilayotgan shifokorlar mehnatini qadrlashni o‘zlarining vijdoniy burchlari deb bilishlari va bu borada qonun ustuvorligini ta'minlashga hamda qat'iy jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga o‘z hissalarini qo‘shishlarini so‘rab qolamiz», deydi Furqat Sanayev.
Mavzuga oid
18:53 / 30.07.2024
Maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilarining to‘rtdan bir qismida turli kasalliklar aniqlandi
11:28 / 22.07.2024
Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak?
17:25 / 20.07.2024
Dunyo bo‘ylab vabo tarqalish xavfi juda yuqori baholanmoqda
19:59 / 09.07.2024