Jamiyat | 16:20 / 29.11.2019
18434
6 daqiqa o‘qiladi

Bola asrab olmoqchimisiz? Unda tutingan ota-onalar kursida o‘qing

Joriy yilning 1 noyabridan boshlab har bir viloyatdagi mavjud Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarida tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari yo‘lga qo‘yildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrda qabul qilingan «Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishning muqobil shakllarini tanlash, oila institutini mustahkamlash hamda ijtimoiy yetimlikning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan qonuniylashtirildi.

Yangi tartib borasida fuqarolarda tug‘ilayotgan turli savollarga javob topish maqsadida Xalq ta'limi vazirligi bosh mutaxassisi O‘lmasbek Kamolov bilan suhbatlashdik.

Kurslarning vazifasi nima?

- tutingan ota-onalarni yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalash, parvarish va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, uning ijtimoiylashuvi, ta'limi va har tomonlama rivojlanishi uchun qulay sharoitlarni yaratish bilan bog‘liq ota-onalik salohiyatini shakllantirish;

- tutingan ota-onalarning bolani oilaga qabul qilishga tayyorlik darajasini aniqlash, bolani oilaga qabul qilish shaklini tanlashga yordam berish, ularning bolalar psixologiyasi va pedagogikasi sohasidagi bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish.

Kimlar tinglovchi bo‘la oladi?

Yuqoridagi qaror mazkur yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni hamda yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ijtimoiy yetimlikni kamaytirish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Kurslar yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat) olayotgan yoki oilaviy bolalar uyiga qabul qilayotgan shaxslar (tutingan ota-onalar) uchun mo‘ljallangan. Ota-onalar Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalari direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Ariza uch ish kunida ko‘rib chiqiladi va tegishli buyruq bilan rasmiylashtiriladi.

Tayyorlov kurslarining faoliyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi va davlat tarbiya muassasasi – Mehribonlik uylari, bolalar shaharchalari rahbariyati tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Kurslar oila va bolalarga xizmatlar ko‘rsatuvchi boshqa davlat va nodavlat tashkilotlar, jismoniy shaxslar tomonidan ham tashkil etilishi mumkin. Tayyorlov kurslarining faoliyati vasiylik va homiylik organlari tomonidan nazorat qilinadi.

Mashg‘ulotlar qay tartibda o‘tiladi?

Tinglovchilar 72 soatlik o‘quv dasturi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda bepul o‘qitiladi. Mashg‘ulotlar vaqti tinglovchilarning o‘zaro roziligi va muassasa rahbariyati bilan kelishilgan holda o‘tkaziladi.

O‘quv jarayoni 5 nafardan 22 kishigacha bo‘lgan akademik guruhlarda ma'ruza, seminar, amaliy va ko‘chma mashg‘ulot, tajriba almashish tarzida olib boriladi. Darslarni o‘tkazish uchun tegishli tarmoq vazirliklari, idoralar va tashkilotlarning ijtimoiy ishlar sohasida tutingan ota-onalarni maslahat yordami, ijtimoiy, huquqiy, psixologik-pedagogik, tibbiy jihatdan kompleks qo‘llab-quvvatlashni ta'minlovchi mutaxassislari hamda davlat tarbiya muassasalarining ijtimoiy-psixologik-pedagogik ko‘maklashuv xizmati xodimlari jalb etiladi.

Tinglovchilarning davomati va o‘zlashtirishini qayd etadigan guruh jurnali yuritiladi. Uzrli sabablar bilan o‘qishni davom ettira olmaydigan ota-onalar o‘z arizasiga asosan, uzrsiz sabablar tufayli 30 soatdan ko‘proq mashg‘ulotlarda qatnashmaganlar esa muassasa direktori buyrug‘i bilan tinglovchilar safidan chiqariladi.

Kurslarda tinglovchilarning bilimi suhbat asosida baholanadi. Mazkur jarayon 3-5 kishidan iborat komissiya a'zolari ishtirokida bo‘lib o‘tadi. Baholash paytida uzrli sabab bilan qatnashmagan ota-onalar navbatdagi guruh tinglovchilari bilan birgalikda ishtirok etishadi. Kurslarni tamomlaganlarga sertifikat beriladi. Agar fuqarolar 3 yil davomida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilmasa, sertifikat o‘z kuchini yo‘qotadi. Hujjatning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng kursdan qayta o‘tish lozim bo‘ladi.

2020 yil 1 yanvardan boshlab tutingan ota-onalar tayyorlov kurslarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi hujjati mavjud bo‘lgan fuqarolar orasidan tanlanadi.

Kimlar o‘qishi man etilgan?

- sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;

- sud tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklangan shaxslar;

- qonun bilan o‘z zimmasiga yuklangan majburiyatlarni lozim darajada bajarmagani uchun vasiylik yoki homiylik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar;

- majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlaganligi yoki ularni lozim darajada bajarmaganligi, ota-onalik huquqini suiiste'mol qilganligi, farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada bo‘lganligi, surunkali ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxslar;

- avval qasddan qilingan jinoyatlari uchun hukm qilingan shaxslar;

- sog‘lig‘i tufayli bola tarbiyalash majburiyatini bajara olmaydigan shaxslar ushbu kurslarda tinglovchi bo‘lolmaydi.

Bir nafar bola uchun qancha nafaqa belgilangan?

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 11 fevralda imzolangan «Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq joriy yilning 1 martidan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun to‘lanadigan nafaqa miqdori 1,33 barobarga oshirilib, 820 000 so‘mni tashkil qiladi. Bu summa keyinchalik inflatsiya hajmidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirib boriladi.

Mirolim ISAJONOV yozib oldi.

Mavzuga oid