Jamiyat | 17:40 / 06.12.2019
13281
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qaysi hududlarda ishsizlik darajasi yuqoriligi ma'lum qilindi

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Bugun, 6 dekabr kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yillik hisobotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik boshqarma boshlig‘i Shuhrat Po‘latov ishsizlik darajasi qaysi viloyatlarda yuqoriligi haqida ma'lumot berdi.

«Ayni vaqtda O‘zbekistonda 57 ming 775 nafar fuqaro ishsizligi aniqlangan. Andijon, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida ishsizlik darajasi nisbatan yuqori. Birgina Andijon viloyatida 4 ming 498 nafar ishsiz fuqaro ro‘yxatdan o‘tgan.

Ishsizlik darajasini kamaytirish maqsadida bu hududlar: Andijonda 30 mingdan ortiq, Qashqadaryoda 24 mingdan ziyod, Samarqand viloyatida salkam 35 mingta ish o‘rinlari yaratildi. Mehnat bozoridagi talab va takliflardan kelib chiqib, shu yilda ilk marta davlat buyurtmasi maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Unga ko‘ra, 2019 yilda 370 mingta yangi ish o‘rni tashkil etish va 182 ming nafar aholi bandligini ta'minlash vazifasi qo‘yildi. Joriy yilning 10 oyi davomida esa respublikada 304,5 mingta ish o‘rinlari joriy etilgan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlik boshqarma boshlig‘i Temur Mahmudovning qo‘shimcha qilishicha, mehnat organlariga murojaat qilgan fuqarolarga ish topib berish imkoniyati bo‘lmasa, ular ishsiz hisoblanadi va ishsizlik nafaqasi to‘lab beriladi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, birinchi marta ish qidirayotgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 75 foizi, 1 yildan ortiq ishsiz yurganlarga 100 foizi beriladi. Bu yil ishsizlik nafaqalari berish miqdori 4-5 baravarga oshdi.

Mavzuga oid