«Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 24 oktabr kuni qabul qilinib, 30 noyabr kuni Senat tomonidan ma'qullangan “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi va kuchga kirdi.
Senator Zayniddin Nizomxo‘jayevning ma'lum qilishicha, qonun fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqini amalga oshirish, kasaba uyushmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
“Qonun davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar kasaba uyushmalarining huquqlariga rioya etilishini ta'minlaydi. Kasaba uyushmalarining faoliyatiga aralashishga, ularning faoliyati to‘g‘risida biror-bir hujjat taqdim etishni talab qilishga, kasaba uyushmalarining faoliyatini davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar tashabbusiga ko‘ra tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, qonunda kasaba uyushmalari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, kasaba uyushmalarining mulk huquqi kafolatlari, kasaba uyushmalari organlariga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan xodimlar uchun kafolatlar, kasaba uyushmalari organlariga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilgan xodimlar uchun kafolatlar, kasaba uyushmalari organlariga saylangan xodimlar uchun mehnatga oid qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilgan”, deydi senator.
Yangi qonun bilan kasaba uyushmalarini, ularning birlashmalarini, bo‘linmalarini hamda boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarini tashkil etish, qayta tashkil etish va ularning faoliyatini tugatish tartibi, kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari faoliyatining iqtisodiy asoslari tartibga solinmoqda.
Shu bilan birga, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik va uning asosiy prinsiplari, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik taraflari, ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalarga doir normalar, shuningdek mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik shakllari mustahkamlab qo‘yilgan.
Qonun xodimlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishda kasaba uyushmalari uchun qulay shart-sharoit va kafolatlar yaratishga, kasaba uyushmalarining ish beruvchilar, davlat hokimiyati organlari bilan hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Mavzuga oid
07:41 / 20.03.2024
Shavkat Mirziyoyev Zayniddin Nizomxo‘jayevni faxriy unvon bilan taqdirladi
11:31 / 04.03.2024
O‘zbekiston MSK raisi AQShda prezidentlik praymerizlarini kuzatishda ishtirok etyapti
12:47 / 29.10.2021
MSK prezident saylovining yakuniy natijalarini e'lon qildi
11:00 / 24.10.2021