O‘zbekiston | 09:27 / 09.12.2019
5330
4 daqiqa o‘qiladi

Soddalashtirilgan tartibdagi notarial harakatlar joriy etiladi

Foto: Shutterstock

Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat budjeti shakllantirilishiga xizmat qiluvchi va barcha fuqarolar uchun muhim ahamiyat kasb etadigan “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Soliq to‘lovchilar tomonidan ortiqcha sarsongarchilikning oldini olish maqsadida soliq qarzdorligini kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash vakolatini faqat Davlat soliq qo‘mitasiga emas, balki hududiy soliq idoralariga ham berish masalasi ilgari surildi.

Qonun loyihasi orqali O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida soddalashtirilgan soliq tizimiga o‘tish mezonlari qayta ko‘rib chiqildi.

Deputatlar taklifi asosida soliq imtiyozlari barcha uchun barobar bo‘lishi prinsipi loyihada qat'iy belgilab qo‘yildi. Imtiyozning barcha uchun teng bo‘lishi bu – ijtimoiy adolat tamoyillariga mosdir. Ayrim toifalarga soliq imtiyozlari berilishi bu boshqa soliq to‘lovchilarning norozilik kayfiyatini keltirib chiqaradi va yashirin iqtisodning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Fraksiya deputatlari berilayotgan imtiyozlarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish bo‘yicha ta'sirchan tizim yaratish taklifini ham ilgari surdilar.

Yig‘ilishda “Notariat tizimining tubdan isloh qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Deputatlar tomonidan ta'kidlanganidek, bugungi kunda davlat notarial idoralari aholiga tez va sifatli xizmat ko‘rsatishda turli noqulayliklar va xizmatlar ko‘rsatishda navbatlar vujudga kelishi natijasida turli korrupsion harakatlar uchramoqda. Shuningdek, notarial harakatlar soni ortib borayotgan bir sharoitda davlat notarial idoralariga qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish jarayonining murakkabligi murojaat etuvchilar tomonidan turli e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Shu jihatdan, ilg‘or xorijiy tajriba jismoniy va yuridik shaxslarning nizolarning oldini olish funksiyasini bajaruvchi notariatning faol nodavlat modeliga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini inobatga olib, mazkur loyiha ishlab chiqilgani fraksiya deputatlari tomonidan diqqatga molik ish sifatida baholandi.

Ushbu loyiha fuqarolarga bir qator qulayliklar yaratadi. Shu maqsadda qonun loyihasi orqali davlat notarial idoralarini bosqichma-bosqich notariatning nodavlat shakliga o‘tkazish belgilanmoqda. Ayniqsa, loyiha bilan mamlakatda yangi tashkilot – O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining tashkil etilayotgani va uning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilanayotganini deputatlar tomonidan ushbu sohadagi yangi davr, deya baholandi.

Ushbu loyiha bilan ayrim turdagi bitimlarni majburiy notarial tasdiqlash tartibini bekor qilish, soddalashtirilgan tartibdagi yangi turdagi notarial harakatlarni joriy etish, masofadan turib, shu jumladan, videokonferensaloqa orqali notarial harakatlar amalga oshirish hamda notariusga elektron murojaat qilish mexanizmini takomillashtirish amaliyoti yaratiladi. Bu orqali fuqarolarga tezkor notarial xizmatlar ko‘rsatish va ularga qulayliklar yaratishga erishiladi.

Xorijiy davlatlarda jismoniy va yuridik shaxslar xizmat ko‘rsatishda notariatning faol nodavlat modeli iste'molchilarning talablari doirasida tez o‘zgara olish qobiliyatiga ega. Shunga ko‘ra, notariat instituti nizolarni oldini olish vositasi sifatida takomillashtirish davlat xizmatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishning asosiy omili bo‘lib hisoblanadi.

Shuningdek, yig‘ilishda yana bir qator boshqa qonun loyihalari ham ko‘rib chiqilib, fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid