O‘zbekiston | 11:07 / 10.12.2019
24301
5 daqiqa o‘qiladi

Qaysi turdagi bitimlarni majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinmoqda?

Foto: Dreamstime

Qonunchilik palatasining 2019 yil 9 dekabrda o‘tkazilgan majlisida deputatlar tomonidan muhokama etilgan masalalardan yana biri “Notariat tizimining tubdan isloh qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi bo‘ldi.

Qayd etilganidek, mazkur loyihani ishlab chiqishning zarurati bugungi kunda amaliyotda davlat notarial idoralari aholiga tez va sifatli xizmat ko‘rsatishdan manfaatdor emasligi bilan bog‘liq. Davlat notarial idoralarida navbatlar vujudga kelmoqda, korrupsion harakatlar uchramoqda. Shuningdek, notarial harakatlar soni ortib borayotgan bir vaqtda davlat notarial idoralariga qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish jarayonining murakkabligi murojaat etuvchilarning soni va ish hajmiga mos ravishda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar sonini oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, mamlakatda notariat institutining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash hamda notarial idoralar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat ko‘rsatish sifati darajasini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur loyiha bilan amaldagi bir qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilayotgani diqqatga molik.

Xususan, “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini tashkil etish asoslari hamda ular faoliyatini litsenziyalash tartibi belgilanmoqda. Ya'ni, davlat notarial idoralarini bosqichma-bosqich notariatning nodavlat shakliga o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Adliya vazirligiga muayyan hududdagi notariuslar lavozimlarining eng kam sonini belgilash vakolati berilmoqda. Endilikda respublikada faoliyat yuritadigan notariuslarning maksimal soni chegaralanmaydi.

Notariuslarni birlashtiruvchi hamda ular faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona tuzilma sifatida O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Hududiy adliya organlari huzuridagi malaka komissiyalarining stajirovkadan o‘tgan shaxslardan imtihon olish vakolati tugatilib, ularga notarius litsenziyasi amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish vazifasi yuklatilmoqda.

Notariuslarga mediator vazifasini bajarish, dalillarni ta'minlash, mualliflik va turdosh huquq obekti taqdim etilgan vaqtini tasdiqlash, hujjatning elektron shakli uning qog‘oz shakli bilan teng huquqiy kuchga egaligini tasdiqlash kabi vakolatlar berilmoqda.

Masofadan turib, shu jumladan, videokonferensaloqa orqali notarial harakatlarni amalga oshirish mexanizmini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, ayrim turdagi bitimlarni majburiy notarial tasdiqlash tartibini bekor qilish hamda yangi turdagi notarial harakatlarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Uy-joyni boshqa shaxsga o‘tkazish, mol-mulklarni ijaraga, tekin foydalanishga berishda ayrim talablarni bekor qilgan holda, ushbu bitimlarni rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish rejalashtirilmoqda.

Masalan, bank va boshqa kredit tashkilotlariga mol-mulkka taqiq qo‘yish va taqiqni yechish imkoni berilmoqda. Bu o‘zgartirish jismoniy va yuridik shaxslarga kredit ajratish bilan bog‘liq byurokratik to‘siqlarga barham beradi.

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksidan qurilishi tugallanmagan uy-joylarni boshqa shaxsga o‘tkazishda mahalliy davlat hokimiyati organlari ruxsatini olish, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonundan esa, vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini ijaraga berishda vasiylik hamda homiylik organlarining ruxsatini olish talablari chiqarib tashlanmoqda.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksi, “Garov to‘g‘risida”, “Ipoteka to‘g‘risida”, “Lizing to‘g‘risida”gi Qonunlarga birlamchi bozordan olinadigan ko‘chmas mulk va transport vositalari ipoteka, garov va lizing shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabini bekor qilish bilan bog‘liq o‘zgartirish kiritilmoqda.

Majlisda mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Mavzuga oid