Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Arsenal» «Siti»ga qarshi. Angliyada «boksing dey» arafasidagi «repetitsiya»lar
Yevrokuboklarning kuzgi mavsumi nihoyasiga yetdi va bundan keyin ikki oy faqat ichki musobaqalarni kuzatishimiz mumkin. Ispaniya El Klasiko, Angliya esa, «boksing dey» oldidan qaysidir ma'noda «repetitsiya»ni boshlamoqda. Albatta, bu palla ham bizga juda qiziq va murosasiz uchrashuvlarni taklif qiladi.
ReAL SOSeDAD - BARSeLONA (14 dekabr, 20:00)
Kataloniyaliklar El Klasiko oldidan boshqa «Real» bilan mashg‘ulot o‘tab olishadi. Aslida hammasi aksincha, Madrid klubi «Barselona» uchun «reallar» ichida eng qulayi bo‘lsa, San Sebastyandagi stadion katalonlar uchun yaqin yaqingacha o‘tib bo‘lmas dovon edi. 2007 yildan beri to 2018 yilgacha «Barselona» Primeroda ushbu stadionda g‘alaba qozona olmayotgandi.
O‘shanda ham basklar avvaliga 2:0 hisobida oldinga chiqib olishgan, lekin mehmonlar ikkinchi bo‘limda vaziyatni o‘nglashgandi. Qizig‘i, keyingi uchrashuv - o‘tgan mavsumdagi o‘yinda ham, «Sosedad» hisobni ochgan. Faqat ikkinchi bo‘limda Dembele va Suaresning gollari Valverde shogirdlariga g‘alaba olib kelgandi. Demak, bugun ham juda qiziqarli uchrashuv eng kamida mezbonlar tomonidan faol boshlanishini kutsak bo‘ladi. Darvoqe, «Bernabeu»dagi o‘yinda ham «Sosedad» juda yaxshi boshlab, hisobda oldinga chiqib olganini ham eslash mumkin.
Umuman, Alguasil jamoasi ushbu mavsumni ancha yaxshi o‘tkazmoqda va hatto turnir jadvalini ham bir muddat boshqardi. Hozir ham «Sosedad» 27 ochko bilan 4-o‘rinni egallab turibdi. Peshqadam «Barselona»dan farq 7 ochkoni tashkil qilmoqda. «Barselona» esa azaliy raqibi «Real» bilan eski rejimga tushib olishgan - parallel tarzda ketma-ket raqiblarni mag‘lub etib, teng ochko to‘plagan holda peshqadamlik qilishmoqda.
Kataloniya jamoasi uchun quvonchli xabar shundaki, so‘nggi turlarda o‘rni juda bilinayotgan qanot himoyachilari - Nelson Semedu va Jordi Alba safga qaytishdi va bugungi o‘yin qaydnomasidan joy olib, Sosedadga kelishdi. Endi «Barselona» safida jarohatlanganlar deyarli qolmadi. Usmon Dembeleni aytmaganda. Mezbonlarda esa, Aser Ilyaramendi va David Surutusa kabi yetakchi futbolchilar uchrashuvga tayyor emas. Shuningdek, Robin Le Norman sariq kartochkalari ko‘payib ketgani bois, diskvalifikatsiya qilingan. Shunday bo‘lsa-da, mezbonlar tarkibida o‘sha mashhur Martin Edegor, o‘tgan yili boshqa katalon klubi - «Jirona»da to‘p surgan Portu va bir qator top-klublar, jumladan Pep Gvardiola qiziqish bildirayotgan Mikel Oyarsabaldan iborat yarim himoya «Barselona»ga qarshi qanday turib berishi juda qiziqarli bo‘lsa kerak.
MANCheSTeR YuNAYTeD - EVeRTON (15 dekabr, 19:00)
«Manchester Yunayted» muxlislari bu o‘yinni biroz xavotir bilan kutayotgani shubhasiz. Bir tomondan «Yunayted» so‘nggi ikki top-o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi va go‘yoki o‘z o‘yinini topib, g‘alabalar seriyasiga tushib olgandek. Lekin «MYu»ning top-raqiblarga qarshi muvaffaqiyatli o‘ynashi mavsum boshidan kuzatilayotgan holat. Aksincha, turnir jadvalining quyi qismidagi jamoalarga qarshi Sulsher jamoasi o‘ta omadsiz harakat qilyapti. E'tibor bering, «Yunayted» top raqiblarga qarshi 6 o‘yindan 4tasini o‘z foydasiga hal qilishning uddasidan chiqqan bo‘lsa, o‘rtamiyona va autsayderlarga qarshi kechgan 10 o‘yinda atigi 2 marta g‘alaba qozona oldi, xolos.
Demak, hamma masala mezbonlarning «Everton»ga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishiga bog‘liq. Yozda top-klublar qatori transferlar qilgan, tarkibda «Barselona», «Arsenal», «Chelsi», «MYu» kabi klublarning sobiq futbolchilari jamlangan kuchli «Everton»mi yoki 16 o‘yinning 9tasini boy berib, 14-o‘rinni egallab turgan «Everton»mi? Balki kuchli «Everton»ga qarshi tayyorlanish «MYu»ga osonroq bo‘ladi, birinchidan, «ko‘klar» o‘tgan turda «Chelsi» ustidan ishonchli g‘alabaga erishishdi. Ikkinchidan, aynan «Everton» o‘tgan mavsumda «MYu»ga eng alamli zarba (4:0) bergan ediki, bu o‘yinni Sulsher hali ham unutgani yo‘q va juda ko‘p matbuot anjumanlarida eng yomon holat sifatida eslab ham turibdi.
Dankan Fergyuson, «Everton»ning yangi vaqtinchalik murabbiyi, g‘alaba bilan boshladi. U to‘laqonli murabbiy sifatida ish boshlamoqchi emasligini aytayotgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik uni Sulsher bilan ham qiyoslayapti. O‘z vaqtida klubda to‘p surgan britaniyalik murabbiy. Bundan tashqari, o‘yin uslubi jihatidan ham Fergyuson ko‘proq britan futboliga xos, tezkor va vertikal futbolni tanlayotgani sezilyapti, xuddi norvegiyalik hamkasbi singari.
Andre Gomesh, Fabian Delf, Shnayderlin, Koulman, Uolkott, Yyerri Mina - bu mehmonlar tarkibida jarohatlangan futbolchilar. Mezbonlardan esa, Pol Pogba hali ham to‘liq tiklanib ulgurgani yo‘q. Jyessi Lingardning holati haqida esa, murabbiy aniq gap aytmadi. Shuningdek, «MYu» payshanba kuni Yevropa Ligasi o‘yinida qatnashdi, demak jismoniy holat bo‘yicha, mehmonlarda qo‘shimcha imkoniyat paydo bo‘lishi shubhasiz. O‘sha o‘yinda Sulsher aralash tarkibni sinab ko‘rgan bo‘lsa-da, shu kuni maydonga tushgan Maguayr, Yang, Marsiyal, Pereyra kabi futbolchilar «Everton»ga qarshi ham kerak bo‘lishlari mumkin.
ARSeNAL - MANCheSTeR SITI (15 dekabr, 21:30)
Gvardiola yangi kelgan paytlarda bu juftlik o‘yini APLning eng go‘zal tomoshalaridan biriga aylanar, sababi hujumni tashkil qilish, to‘pni nazorat qilish va qisqa masofalarda pas berishda har ikki jamoa o‘xshash uslubda harakat qilardi. Aksariyat hollarda «Arsenal» mag‘lub etilgan (Gvardiola APLda «Arsenal»ga hali yutqazmagan) bo‘lsa-da, o‘yindagi estetik zavq muxlislarni befaroq qoldira olmasdi.
Hozir «Arsenal» o‘zgardi, Vengerdan keyingi murabbiy ham iste'foga chiqarildi, Yunberg qo‘l ostidagi tarkib bilan hali nima qilmoqchi ekani aniq emas. «Vest Hem» bilan nihoyat uch ochko qo‘lga kiritilgan bo‘lsa-da, vaziyat o‘zgarishiga bir necha daqiqa raqib o‘z diqqatini yo‘qotishi sabab bo‘lgandi. «Standart» bilan durang qayd etildi, ya'ni «Arsenal» oxirgi 11 o‘yindan atigi 1 martasida g‘alaba qozondi, xolos. O‘z navbatida, «Manchester Siti»ning holatiga havas qilib bo‘lmaydi, ayniqsa, derbidagi zarba juda qattiq ta'sir qilgan bo‘lishi shubhasiz. «Liverpul» bilan o‘rtadagi farq endi 14taga yetib ulgurdi.
Har ikki jamoadagi muammolarni umumlashtirsak, gol urish borasida muammo yo‘q, aslida himoya chizig‘idagi xatolar ko‘proq qimmatga tushyapti. «Arsenal» himoya chizig‘idagi futbolchilar saviyasi tufayli shu holatga tushgan bo‘lsa, «Manchester Siti» juda ko‘p jarohatlar oqibatida jabr chekyapti. Demak, bu o‘yindan ochiq, himoyadagi xatolar va xavfli vaziyatlar yetarlicha bo‘lgan qiziqarli futbolni kutishimiz mantiqan to‘g‘ri.
«Arsenal» Yevropa Ligasida maydonga tushgan bo‘lsa-da, asosiy tarkib futbolchilarini bezovta qilmadi. Lekin «Manchester Siti» YeChLda barcha masalani hal qilib ulgurgan bo‘lsa-da, muhim o‘yin oldidan Zagrebga juda ko‘p asosiy futbolchilarini olib ketgani ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘ldi. Jyezus, Rodri, Bernardu, Mahrez, Mendi, Gundo‘g‘an kabi futbolchilar o‘sha o‘yinda maydonda harakat qilishdi. Sterling va Zinchenko zaxiradan tushdi. Ha, Zinchenkoning qaytishi Gvardiola uslubini maydonda tatbiq qilishda ijobiy ta'sir qilishi aniq. Ikki oy davomida uning o‘rnida harakat qilgan Anxelino ham, Mendi ham, aytish kerakki, ishonchni oqlay olishmadi. Mezbonlar tarkibida Sebalos, Xolding, Jaka, Bellerin kabi futbolchilarning maydonga tushishlariga bir necha kun kerak bo‘ladi. Nikolya Pepe esa, o‘tgan turda yana jarohat oldi.
VALeNSIYa - ReAL (16 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
O‘yinning ham muhimligi shundaki, bu turda «Real» ham, «Barselona» ham eng qiyin safarni amalga oshirmoqda. Ya'ni ularning ochko yo‘qotish ehtimoli yuqori, demak bu to‘qnashuvlardagi g‘alaba yanada muhim. El Klasiko oldidan turnir jadvalining eng yuqori pog‘onasida bo‘lish jamoaga ruhiy tomondan yaxshigina dalda bo‘ladi.
«Valensiya» bu o‘yinga ancha ko‘tarinki kayfiyatda kelayotgani shubhasiz, zero Chempionlar Ligasida qiyin vazifa uddalandi - «Ayaks» safarda mag‘lub etildi. Valensiyaliklar nufuzli turnir pley-offiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Umuman, Selades shogirdlari qatorasiga uch o‘yindan beri faqat g‘alaba qozonmoqda. «Real» ham yaxshi formada - madridliklar 10 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti - 8 g‘alaba va 2 durang.
Ammo «Real» yana jarohatlar girdobiga tushib qolgan. Eden Azar hali jarohatidan tiklanmadi, u el klasikoda maydonga tushishi ham so‘roq ostida. Xames kelasi yilda safga qaytadi, Marseloning holati ham Azar kabi, bir ikki haftada forig‘ bo‘lsa ham katta gap. Vaskesning barmog‘i singan. Buning ustiga Ferlan Mendi «Espanol»ga qarshi o‘yinda qizil kartochka olib maydonni tark etgandi. Shu bilan birga, «Valensiya»ning holati undan ham badtar. Top-o‘yinlar qahramoni, darvozabon - Silessen jarohatlangan. Jamoaga yordamga bera olmaydiganlar safida yana, Kondogbia, Pichchini, Gedesh, Valexo va Gemeyro ham bor. Faqatgina bir oydan beri jamoaga yordam bera olmayotgan Denis Cherishev nihoyat mashg‘ulotlarga kirishgani mezbonlar uchun umid beruvchi xabar bo‘lishi mumkin.
O‘zaro o‘yinlarda madridliklar yaqqol ustun. Oxirgi 20 o‘yinning yarmida «Real» g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan. Ammo o‘tgan mavsumda «Mestalya»da bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi.
BOShQA O‘YINLAR
14 dekabr. LIVeRPUL - Uotford (17:30), BAVARIYa - Verder (19:30), Mayns - BORUSSIYa D (19:30), CheLSI - Bornmut (20:00), LeSTeR - Norvich (20:00), NAPOLI - Parma (22:00)
15 dekabr. Vulverhempton - TOTTeNHEM (19:00), YuVeNTUS - Udineze (19:00), MILAN - Sassuolo (19:00), Volfsburg - BORUSSIYa M (19:30), ROMA - SPAL (22:00), Fiorentina - INTeR (16 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)
Mavzuga oid
11:02 / 07.03.2020
Angliyada Manchester derbisi, «Barselona»da yana qiyin o‘yin. Hafta o‘yinlari anonsi
18:01 / 14.02.2020
Hafta o‘yinlari: A Seriya va La Ligada peshqadamlar «jangi», APLda «Chelsi» - «MYu» to‘qnashuvi
19:01 / 07.02.2020
Hafta o‘yinlari anonsi: Italiyada «Milan derbisi», Germaniyada peshqadamlar «jangi»
17:50 / 24.01.2020