O‘zbekiston | 08:05 / 14.12.2019
20973
3 daqiqa o‘qiladi

Parlament hukumat qarorlarini bekor qila olishi kerak – Rasul Kusherbayev

Foto: KUN.UZ

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlotning fikricha, butun dunyoda fuqarolarning siyosatchilarga ishonchi kamayib bormoqda.

Ingliz elchisi O‘zbekiston siyosiy partiyalari vakillari bilan kechgan uchrashuvda shu haqda gapirib, yangi saylanadigan parlament odamlar ishonchini qozonish uchun nimalar qilishi kerakligi bo‘yicha ularning fikrlari bilan qiziqdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod Rasul Kusherbayev bu borada aniq takliflarga egaligini bildirdi.

«Odamlarning turmushiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir qiladigan normativ hujjatlarni qabul qilish vakolatini hukumatdan, boshqa idoralardan olib, parlamentga qaytib berishimiz kerak.

Ijtimoiy sohada, misol uchun, sog‘liqni saqlash, ta'lim yoki yo‘l harakati qoidalaridagi o‘zgarishlar hammamizga ta'sir qiladi. Kommunal sohada narxlarning oshishi, tariflarning belgilanishi va hokazolar ham.

Bu jarayonlar bo‘yicha vakolatni parlament olishi kerak. Faqatgina parlament qonun qabul qilib o‘zgartirsin. Hammani qiynaydigan qarorlarni hukumat yoki qaysidir idora o‘zi kelishib, adliyadan ro‘yxatdan o‘tkazib, kuchga kiritib olmasin.

Shu vaqtgacha shu ishlarni parlament emas, ijro hokimiyati amalga oshirib kelgani uchun ham odamlar parlamentning o‘rnini har doim ham sezaverishmagan. Chunki ularni doim bezovta qilayotgan masalalarni hal qilish bilan parlament shug‘ullanmagan. Shuning uchun saylovlarda ham shunday fikr kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin», – dedi deputat.

Uning hisoblashicha, hukumatning bir qator vakolatlarini cheklash va parlamentga berish, buni viloyat va tuman miqyosida ham amalga oshirish, hokimlarning mahalliy deputatlik kengashi raisi sifatidagi faoliyatiga chek qo‘yish, ularning deputatlar oldida vaqti-vaqti bilan bosqichma-bosqich to‘liq hisob berish tizimiga o‘tish lozim.

«Parlamentda ijro hokimiyatining har bir qarori ijrosini to‘xtatib qo‘yish yoki bekor qilish vakolati bo‘lishi kerak. Ana shunda qandaydir o‘zgarish bo‘ladi», – deya ta'kidladi Kusherbayev.

Rasul Kusherbayev, shuningdek, jurnalistga bosim o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi va tuman deputatlariga hokimni ishdan bo‘shatish huquqini berish kerakligi haqida ham gapirib o‘tdi.

Mavzuga oid