Light | 14:20 / 15.12.2019
148449
7 daqiqa o‘qiladi

Qo‘l-oyoqlar nega muzlaydi?

Holat xavfli kasalliklardan darak berayotgan bo‘lishi mumkin. O‘zingizga e'tiborli bo‘ling.

Avvalo, boshlang‘ich tushunchalar bilan tanishib chiqamiz. Oyoq-qo‘llarning muzlashi aksariyat holatlarda odatiy bo‘lishi mumkin. Ular doimo sovuqni birinchi sezadi va oxirida isiydi. Bu hayotda qolish mexanizmining muhim elementidir.

Sovuq muhit sharoitiga tushib qolsak, miya qo‘l-oyoqlardagi tomirlarni siqilishga majbur qilib, qon aylanishi cheklanadi. Qon kamroq soviydi va oyoq yoki kaftlardan ko‘ra muhimroq bo‘lgan ichki organlarda issiqlikni ushlab turishga yordam beradi.

Biroq, ba'zida boshqacha bo‘ladi: muhit unchalik ham sovuq emasga o‘xshaydi, ammo qo‘llaringiz va oyoqlaringiz baribir muzlay boshlaydi va ularni qizdira olmaysiz. Bu nima bilan bog‘liq bo‘lishi haqida quyida o‘qiysiz.

1. Siz tashvishlanasiz, stressga tushgansiz

Stressli vaziyatga organizmning tabiiy javob bu qonga adrenalin chiqarilishidir. Ushbu gormon tanani safarbar qilishga yordam beradi va «jang yoki yugurish» holatiga samarali tayyorlaydi. Atrofdagi qon tomirlarining keskin torayishi tayyorgarlikning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi. Jang yoki yugurish paytida qo‘l yoki oyog‘ingizdan jarohat olish vaziyatida ushbu qisilish kerak bo‘ladi: qon yo‘qotish kamroq bo‘ladi, demakki, hayotingizni xavf ostida qoldirmaydi.

Albatta, zamonaviy hayotda stressning yirtqich hamlasi yoki o‘tkir qilich bilan qurollangan dushmanning hujumi bilan bog‘liqligi kamdan-kam uchraydi. Ammo tananing reaksiyalari o‘zgarmasdir: oyoq-qo‘llardagi tomirlar keskin torayadi, qon aylanishi yomonlashadi. Natijada qo‘l va oyoqlarda harorat tushib ketadi. 

Chorasi qanday?
Eng muhimi, dam olish va tinchlanish. Stressdan xalos bo‘lishingiz bilan oyoqlaringiz va qo‘llaringiz yana isiy boshlaydi.

2. Sizda qon aylanishi bilan bog‘liq muammolar mavjud

Qon aylanishining yomonligi, oyoq-qo‘llar muzdek bo‘lishining eng keng tarqalgan sabablaridan biridir. Qon aylanishining yomonlashishiga turli omillar sabab bo‘lishi mumkin: 

  • tomirlarni toraytiradigan noqulay holatda turish;
  • tomirlarning varikoz kengayishi; 
  • xolesterin oshishi, u tomirlarda qon oqimiga xalaqit qiladigan tangachalar (blyaki) yuzaga kelltiradi;
  • chekish;
  • yurak-qon tomir kasalliklari; 
  • kamharakat hayot tarzi. 

Chorasi qanday?
Agar muzli oyoq muammosi sizni doimiy ravishda bezovta qilsa, shifokor bilan maslahatlashing. U qon aylanishi buzilishining aniq sababini aniqlaydi va uning oldini olish uchun zarur tavsiyalar beradi. Gap, aksincha, bir martalik vaziyat haqida ketayotgan bo‘lsa, ehtimol, o‘rningizdan turishingiz va qizib olishingiz yetarli. 

3. Sizda temir tanqisligi kamqonligi mavjud

Oddiy qilib aytganda, qonda gemoglobin yetishmasligi. Muntazam sovuq qo‘llar va oyoqlar ushbu kasallikning asosiy alomatlaridan biridir. 

Chorasi qanday?
Temir yetishmasligi, qoida tariqasida,  o‘zini zaiflik, tez charchoq, mo‘rt sochlar va tirnoqlar orqali sezdiradi. Agar siz muzlash bilan bir qatorda ushbu alomatlarni ham payqasangiz, shifokoringizga murojaat qiling. U qon tahlili natijalariga ko‘ra ratsionni tartibga solishni maslahat beradi yoki maxsus dori-darmonlarni buyuradi. 

4. Sizda qalqonsimon gormonlar yetarli emas

Gipotireoz juda keng tarqalgan holat bo‘lib, dastlabki bosqichlarda deyarli o‘zini sezdirmaydi. Ehtimol, kichik belgilar kuzatilar: tez charchash, shishlarga moyillik, vazn ortishi, ich qotishi, teri quruqlashishi... Qo‘l va oyoqlar muzlashi ham metabolizm uchun muhim bo‘lgan gormonlar yetishmasligining erta alomatlaridan biri bo‘lishi mumkin.

Chorasi qanday?
Yana, shifokor qabuliga borishni maslahat beramiz (darhol endokrinologga borishingiz mumkin) va qalqonsimon gormonlar tahlili uchun qon topshiring. Natijaga ko‘ra, agar kerak bo‘lsa, shifokor sizga qo‘shimcha tekshiruvlar va davolanishni buyuradi. 

5.  Sizda qandli diabet bor

Qonda glyukoza ortishi qon tomirlariga salbiy ta'sir qiladi: ular elastik qobiliyatini yo‘qotadi va torayadi. Sh sababli, to‘qimalarga boruvchi qon oqimi yomonlashadi va oyoq-qo‘llar muzlay boshlaydi. 

Bundan tashqari, diabetning yoqimsiz asoratlari bor —  muntazam yuqori shakar miqdori tufayli oyoq kaftlarida asab tugunlari shikastlanishi sababli periferik neyropatiya. Natijada, oyoqlaringiz yonayotgandek yoki aksincha,  muzli bo‘lib tuyulishi mumkin.

Chorasi qanday?
Ehtimoliy diabet kasalligini tasdiqlash yoki rad etish uchun terapevt bilan bog‘laning. Agar kasallik tashxisi qo‘yilsa, shifokor oyoq muzlashidan xalos bo‘lishga yordam beradigan davolanishni taklif qiladi.

6. Sizda buyrak bilan bog‘liq muammo bor

Buyraklar faoliyatida nosozliklar yuzaga kelishi shish paydo bo‘lishiga olib keladi, bunda tomirlar siqilib, qon aylanishi buziladi. Bu avvalo oyoq-qo‘llar shishi va natijada doimiy sovuqlikka sababchi bo‘ladi.

Chorasi qanday?
Shifokorga murojaat qiling. U buyraklaringizni tekshirishga yordam beradigan tahlillarni tayinlaydi. Agar zaruriyat tug‘ilsa, shish va u bilan bog‘liq yoqimsiz simptomlardan xalos bo‘lishga yordam beradigan dori-darmonlarni buyuradi. 

7. Sizda anoreksiya bor

Bunday ovqatlanish buzilishi, odam ovqat yeyishni rad etishiga va tez vazn yo‘qotishiga olib keladi. Anoreksiya sabab bo‘lgan yog‘ to‘qimalari yetishmasligi tufayli tanada issiqlikni saqlab qolish qiyinlashadi. Hayotiy muhim ichki organlarning ishlashi uchun zarur bo‘lgan haroratni ushlab turish uchun miya atrof-muhitda — oyoq-qo‘llarda qon aylanishini cheklaydi. 

Chorasi qanday?
Anoreksiya oyoq va qo‘llarni muzlatishdan tashqari yetarli alomatlarga ega. Ularning asosiylari keskin vazn yo‘qotish va «ortiqcha» kaloriya oldida tahlika. Agar bu sizga tanish bo‘lsa, jiddiy buzilishlarning rivojlanishini o‘tkazib yubormaslik uchun zudlik bilan terapevt ko‘rigiga boring. 

8. Siz surunkali ravishda yetarli darajada uxlamaysiz

Uyqusizlik moddalar almashinuvi va umumiy qon aylanishini sekinlashtiradi. Qon aylanishi sekinlashishi esa boshqalar qatori, oyoqlarimizni muzlatadi.

Chorasi qanday?
Uxlab oling va doimiy ravishda kuniga kamida 7-8 soat dam olishga harakat qiling. Bu nafaqat oyoq-qo‘llarni isitishga yordam beradi, balki umumiy farovonlik va sog‘likka foydali ta'sir ko‘rsatadi.

Mavzuga oid