Jahon | 21:53 / 16.12.2019
15719
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda politsiya 56 o‘zbekistonlikka yordam ko‘rsatdi (video)  

15 dekabrda Rossiyadan O‘zbekistonga yo‘nalayotgan yo‘lovchi avtobusi 56 yo‘lovchi bilan “Pavlodar-Nur-Sulton” avtomobil yo‘lida buzilib qoldi. Bu haqda “Kazinform” axborot agentligi xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, qo‘shni davlat patrul politsiyasi xodimlari kapitan Tulegen Siddikov va katta leytenant Asfandiyar Turlibayev patrullash vaqtida yo‘l chetida turgan avtobusni aniqlashgan. Avtobusda 2 haydovchi bilan birga 56 kishi, jumladan bir bola bo‘lgan. Ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, Rossiyaning Tomsk shahridan O‘zbekistonga ketayotgan bo‘lishgan. 

Avtobus orqa g‘ildiragi gupchak qismi buzilib qolgani tufayli bir necha soat  sovuqda qolib ketgan.

“Politsiyachilar barcha yo‘lovchilarni o‘tkinchi mashinalarda isinib olishlari uchun yaqin oradagi kempingga jo‘natishgan”, deb ma'lum qilingan Pavlodar politsiyasi departamentida.    

Ular, shuningdek, o‘zbekistonliklarni issiq choy va bo‘g‘irsoqlar bilan mehmon qilishgan va nosozlikni bartaraf etishda ko‘mak ko‘rsatishgan.

16 dekabr tush vaqtigacha politsiya yordami bilan nosozlik bartaraf etilgan va O‘zbekiston fuqarolari yo‘llarini davom ettirishgan. Ular ketish oldidan qozog‘istonlik politsiyachilarga yordam uchun minnatdorlik bildirishgan va ishlarida omad tilab qolishgan.

Ta'kidlanishicha, o‘zbekistonliklar joniga aro kirgan shu politsiyachilar avvalroq shunga o‘xshash vaziyatda Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolariga ko‘mak ko‘rsatishgan.

Mavzuga oid