O‘zbekiston | 21:35 / 16.12.2019
20588
5 daqiqa o‘qiladi

«Tahsin» mukofoti g‘oliblari taqdirlandi

Kun.uz sayti «Tahsin» mukofotining «Yuksak mehr va e'tibor uchun» nominatsiyasida xayriya loyihalari tashkilotchisi sifatida e'tirof etildi.

Yoshlar ittifoqi tomonidan ta'sis etilgan mukofotni topshirish marosimi bugun, 16 dekabr kuni Toshkentdagi «Yoshlar ijod saroyi»da bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ochib berdi.

Tanlovga vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan 22ta nominatsiya bo‘yicha 500 nafar nomzod tavsiya etilgan edi.

Tanlovda quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha laureatlar taqdirlandi:

«Qurolli Kuchlar sohasida O‘zbekiston nufuzini oshirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun» – Navoiy viloyati DXX Chegara qo‘shinlaridagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yetakchilar kengashi raisi Zumrad To‘rayeva va Mudofaa vazirligining xalqaro «Armiya – 2019» tanlovida g‘olib bo‘lgan tankchilar ekipaji;

«O‘zbek tilida masofaviy ta'lim olish imkoniyatlari rivojiga qo‘shgan hissasi uchun» – «Xan Akademiyasi»

«Ilm-fan sohasini rivojlantirishdagi kuchli irodasi va matonati uchun» – ko‘zi ojizlar uchun Brayl alifbosida ingliz tilidagi ilk o‘quv qo‘llanmani yaratishda hissa qo‘shgan Xurshid Toshev;

«San'at sohasidagi iqtidori uchun» – ko‘zi ojizlar musiqa maktabi o‘qituvchisi, xalqaro tanlov g‘olibi, pianinochi Sevara Mirsiddiqova;

«Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi tashabbuskorligi uchun» – Shohijahon Dehqonov;

«Atrof-muhit ozodaligini ta'minlashdagi tashabbuskorligi uchun» – «Hashar weyek» loyihasi asoschisi Suna Pak va Jarqo‘rg‘onda o‘rmonzor yaratgan Namoz Jumayev;

«Haykaltaroshlik yo‘nalishi rivojidagi tashabbusi uchun» – Bahrom Norboyev;

«Kitobxonlikni rivojlantirishdagi tashabbusi uchun» – «Asaxiy.uz» asoschisi Firuz Allayev;

«Ommaviy axborot vositalari sohasidagi faolligi uchun» – Daryo.uz sayti muxbiri Madina Nurmanova;

«Mamlakat sport imijini ko‘tarishda qo‘shgan hissasi uchun» – futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi a'zosi Eldor Shomurodov va og‘ir atletikachi Kumush Fayzullayeva;

«Bolalar va yoshlar o‘rtasida volontyorlik harakati rivojiga qo‘shgan hissasi uchun» – Jizzax viloyati vakili, 2018-2019 o‘quv yilida respublika «Kamalak» bolalar tashkiloti sardori Dilshod Sharofov va Toshkent shahri «Vremya Chudes» volontyorlik harakati asoschisi Shirin Abidova;

«Tadbirkorlik yo‘nalishida ko‘rsatgan tashabbusi uchun» – Toshkent shahri Navoiy viloyatida ho‘l va quruq mevalar eksporti bilan shug‘ullanuvchi «Teodora goods» va «Teodora group» MChJlari rahbari Dildora Otajonova hamda «MFaktor» loyihasi asoschilari Hasan va Husan Mamasaidovlar;

«Yuksak mehr va e'tibor uchun» – Kun.uz sayti; Toshkent shahri «Mehrli qo‘llar» loyihasi muallifi Bahrom Aliyev; «Mehribon yurak» aksiyasida yurak xastaligiga chalingan, jarrohlik amaliyotiga zarurati bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan 14 nafar bolaga beg‘araz jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan bosh shifokor Murod Ahmedov; «Yoshlar» telekanalidagi «7-qadam» xayriya loyihasi muallifi Hamza Jumayev;

«Yuksak insoniylik, mardlik va jasorati uchun» – Olamafro‘z Abdullayev (U Rossiyaning Chelyabinsk viloyati Magnitogorsk shahrida yuz bergan baxsiz hodisada o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib 8 nafar insonni birinchilardan bo‘lib qutqargan, ushbu qahramonligi uchun Chelyabinsk viloyati rahbariyati tomonidan «Speshite delat dobro» medali bilan taqdirlangan edi).

Tanlov g‘oliblarining har biri 10 million so‘mdan pul mukofoti, statuetka va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Mavzuga oid