Jahon | 20:30 / 18.12.2019
2879
2 daqiqa o‘qiladi

Fiat Chrysler va Peugeot kompaniyalari birlashish haqidagi kelishuvni imzoladi

Fiat Chrysler (FCA) konserni va Peugeot, Citroen hamda Opel avtomobil brendlarini birlashtiruvchi PSA fransuz guruhi avval e'lon qilingan birlashish haqidagi kelishuvni imzoladi. Bu haqda PSA saytidagi bayonotda ma'lum qilingan.

Avvalroq kompaniyalar 50/50 shaklida to‘liq birlashish ustida ishlashga kelishib olgani ma'lum bo‘lgandi. Birlashish amalga oshirilgach, ikki konsern aksiyadorlari yangi kompaniyaning 50 foizdan aksiyalarini olishadi. Yangi kompaniyaga PSA bosh direktori Karlos Tavares rahbarlik qiladi. Fiat Chrysler boshqaruv raisi Jon Elkan esa kompaniyaning direktor kengashi raisi bo‘ladi.

Ikki tomonga yangi avtomobil modellarini ishlab chiqish va mashinalar ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirishga imkon beradigan kelishuv 12-15 oyda amalga oshirilishi taxmin qilinmoqda. Ikki konsernning birlashishi natijasida bozorda 48 mlrd dollarlik kapitallashuv va yiliga 190 mlrd dollarlik tushumga ega avtogigant paydo bo‘lishi kutilmoqda. Yiliga 8,7 mln dona mashina ishlab chiqarilishi esa ushbu kompaniyani Volkswagen, Toyota va Renault-Nissan’dan keyin 4-raqamli kompaniyaga aylantiradi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid