O‘zbekiston | 18:30 / 19.12.2019
97197
6 daqiqa o‘qiladi

Yunusobod fojiasi qurbonlarining yaqinlariga yana qanday to‘lovlar to‘lanishi kerak?

18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yuz bergan yer o‘pirilishi oqibatida 6 nafar ishchi halok bo‘ldi. Qurbonlarning har biri uchun ularning oilasiga 100 mln so‘mdan kompensatsiya tayinlangani haqida ma'lum qilindi.

Mazkur kompensatsiya mablag‘lari hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish hamda bartaraf qilish bo‘yicha tuzilgan Hukumat komissiyasi topshirig‘iga binoan ajratilgan va jabrlanganlarning yaqinlariga yetkazilgan.

Xo‘sh, ushbu kompensatsiya to‘lovlari haqida qonun hujjatlarida biror narsa aytilganmi, u nimaga asosan tayinlandi, jabrlanganlarning yaqinlariga yana qanday to‘lovlar to‘lanishi lozim? Quyida shular haqida qisqacha to‘xtalamiz.

Ma'lumki, xodimlarning mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki vafot etishiga sabab bo‘lgan baxsiz hodisalar maxsus tekshirishdan o‘tkazilishi lozim. Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hududida va uning tashqarisida mehnat vazifalarini bajarayotganda yuz bergan jarohatlanish, zaharlanish, portlash, falokatlar, imoratlar, inshootlar va konstruksiyalar buzilishi, kuyish, muzlash, elektr toki va yashin urishi, shuningdek tabiiy ofatlar (shu jumladan, o‘pirilishlar) tufayli salomatlikning boshqa xil shikastlanishlari bilan bog‘liq baxsiz hodisalar tekshiriladi va hisobga olinadi.

Ushbu nizom talabiga ko‘ra, besh va undan ziyod kishining o‘limiga sabab bo‘lgan baxsiz hodisalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tuzilgan komissiya tomonidan tekshiriladi.

Maxsus tekshirish komissiyasi 15 kun mobaynida baxsiz hodisani tekshirib chiqadi, korxonadagi mehnatni muhofaza qilish ahvolini, agar zarur bo‘lsa, tarmoqning boshqa korxonalarida ham tekshirishni tashkil etadi, maxsus tekshirish dalolatnomasini tuzadi.

Komissiya a'zolari jabrlanuvchilar yoki ularning oila a'zolari bilan uchrashuvlar tashkil etadi, zarur bo‘lsa tegishli organlarga takliflar kiritishadi yoki ijtimoiy tusdagi yordam masalalarini joyida hal qilishadi, jabrlanuvchiga yoki vafot etganning oila a'zolariga ularning huquqlarini tushuntiradi.

Ushbu qoidadan kelib chiqib aytish mumkinki, Yunusobod fojiasida jabrlanganlarning oila a'zolariga ajratilgan kompensatsiya to‘lovlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va Hukumat komissiyasi tasdiqlagan miqdorlarda amalga oshirilgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: marhumlarning yaqinlari uchun ajratilgan 100 mln so‘mdan boshqa to‘lovlar va moddiy ta'minot ham beriladimi?

Albatta. Yuqorida ta'kidlanganidek, maxsus tekshirish komissiyasi 15 kun mobaynida baxsiz hodisani tekshirib chiqadi va uning natijalari bo‘yicha tegishli dalolatnoma rasmiylashtiradi. Mazkur dalolatnomaga asosan marhumlarning o‘limi ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda yuz bergani tasdiqlansa, ana undan so‘ng dastlab berilgan 100 mln so‘mdan tashqari, qonunlarda belgilangan tartibda va miqdorlarda boshqa to‘lovlar ham amalga oshiriladi.

Jumladan, Mehnat kodeksining 192-moddasiga binoan xodim mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta'minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a'zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo‘lsa, zararni to‘lashi shart.

Mazkur kodeksning 193-moddasida esa zarar miqdori ko‘rsatilgan bo‘lib, vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga to‘lanadigan zarar miqdori marhumning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida belgilangan.

Quyidagilar marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslar hisoblanadi:

  • 16 yoshdan oshgan shaxslar, agar ular shu yoshga yetgunga qadar nogiron bo‘lib qolgan bo‘lsa;
  • 60 yoshga to‘lgan erkaklar hamda 55 yoshga to‘lgan ayollar;
  • belgilangan tartibda nogiron deb e'tirof etilgan shaxslar.

16 va undan katta yoshdagi o‘quvchilar o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlarida o‘qishni tugatgunlariga qadar, ammo ko‘pi bilan 18 yoshgacha zarar to‘lovini olish huquqiga egadir.

Bundan tashqari, kodeksning 194-moddasiga binoan xodimning vafoti munosabati bilan ish beruvchi marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda bir yo‘la beriladigan nafaqa ham to‘lanishi kerak bo‘ladi.

Dilshod Abduqodirov

huquqshunos

Mavzuga oid