O‘zbekiston | 13:30 / 23.12.2019
37435
7 daqiqa o‘qiladi

Partiya yetakchilari saylovlar bo‘yicha xulosalarini bildirishdi

22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, saylovda umumiy saylovchilarning (18,7 mln) 71,1 foizi (13,3 mln) qatnashgan.

Kun.uz muxbiri siyosiy partiyalar rahbarlari bilan bog‘lanib, ularning «Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar» shiori ostida o‘tgan saylov jarayonlari va unda aholining ishtiroki borasidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Alisher Qodirov, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi lideri:

«Fikrimcha, bu O‘zbekiston tarixida o‘xshashi yo‘q saylov bo‘ldi. Sifat, jarayonlarga umumiy tashkiliy tayyorgarlik, OAVning munosabati bo‘yicha ham. Buni O‘zbekiston uchun katta qadam deb hisoblayman.

Bu saylov, undagi jarayonlar ochiq, shaffof raqobatga boy, partiyalar bir-birini ochiq tanqid qila olgan va tom ma'nodagi elektoratning ijobiy ma'nodagi raqobatli munozaralariga boy maydonni paydo qilib berdi. Aslida rivojlanishni paydo qiluvchi muhit mana shunday bo‘ladi.

Agar bir barchamiz masalaga bir ko‘z bilan qarayversak, muammolarni bir ko‘z bilan ko‘raveradigan bo‘lsak va ularning yechimlari bo‘yicha hammamiz o‘lchangan bir xil gaplarni gapiradigan bo‘lsak, rivojlanish bo‘lmasligining namunalari bizda yetarlicha. Shu nuqtayi nazardan, bu saylovlar jamiyat uchun yangilik bo‘ldi.

Biz muammolarni aytyapmiz, ularni muhokama qilyapmiz va partiyalar o‘sha muammolarga turli yechimlar beryapti. Berilayotgan takliflarning qandayligi va ularning saviyasi ikkinchi masala.

Albatta, hali saylovlar ko‘p, lekin mana shu saylovlar xalq bilan hokimiyat orasidagi konstruktiv muloqotni shakllantirgan saylov sifatida tarixda o‘z o‘rnini qoldiradi.

Bu saylovlar barcha yutuq va kamchiliklari bilan o‘zimizniki. Biz rivojlanish yo‘liga kirdik. Shunisi bilan u menga qadrli.

Saylovchilar ishtiroki haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bu juda yaxshi. Menga xorijlik kuzatuvchi savol berdi, nega saylovchilar soni sizlarda doim baland, deb. Men aytdim, aslida xalqimiz saylovlarni yaxshi ko‘radi.

Xalqimiz – mas'uliyatli, saylovlarda qatnashmaganlarning fikrini ham shaxsiy bir qaror sifatida hurmat qilish kerak.

Menimcha. Bu Markaziy saylov komissiyasi keltirgan raqam saylovlar shaffof o‘tganini ko‘rsatuvchi natijadir».

Narimon Umarov, «Adolat» Sotsial demokratik partiyasi lideri:

«Bu yilgi saylovlar ochiqlik, oshkoralik ruhida o‘tganini alohida ta'kidlashim kerak. Bundan tashqari, ushbu saylovlar barchaning diqqat markazida bo‘ldi. Barcha fuqarolarimiz saylovlar, partiyalar haqida o‘z fikrlarini bildirishdi. Bu xalqimizda mazkur jarayonlarga daxldorlik hissi ortganini bildiradi.

Ko‘pchilikning dilini xira qiluvchi turli qonun buzilish holatlari ham ochiqlik va oshkoralik sabab yuzaga chiqdi. Afsuski, bu kabi holatlar uchastka saylov komissiyalari a'zolarining yetarli darajada tayyorgarlikdan o‘tmagani, ayrim o‘rinlarda esa partiya kuzatuvchilarining nofaolligi natijasida yuzaga keldi.

Saylovlarda aholining 71 foizlik ishtirokini ham shu ochiqlik natijasi deb bilaman. Ya'ni, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari, blogerlarning faol ishtiroki tufayli ko‘p joylarda oilaviy ovoz berishlarning hamda noreal raqamlar haqida ma'lumot berilishining oldi olindi. 

Natijalarni taxmin qilish niyatimiz yo‘q. Rasmiy natijalar e'lon qilinishiga sanoqli daqiqalar qolmoqda. Hammasi soat 14:00da ma'lum bo‘ladi. Yaxshisidan umidvormiz».

Boriy Alixonov, O‘zbekiston ekologik partiyasi lideri:

«Bu saylov bizga katta maktab bo‘ldi. Ham kamchiliklar ustida ishlash, ham yangi maqsadlarni puxta belgilab olish uchun.

Nima bo‘lganda ham, yosh partiya sifatida kuch, imkoniyatimizni maksimal ko‘rsatib bera oldik, bunga harakat qildik.

Shu paytga qadar tuman, shaharlarda vakillarimiz yo‘q edi. Endi bizning ham joylarda vakillarimiz, deputatlarimiz bor.

Bugundan boshlab biz yangicha hayot tarziga o‘tyapmiz va bu bizga ham xalqimiz, ham bergan va'dalarimiz uchun vijdonimiz oldida sinov.

Albatta, jarayonda qonun buzilishi holatlari ham bo‘ldi. Biz bu holatlarni tahlil qilamiz.

Qaytaraman, qiyin jarayonlar biz uchun mustahkam jamoani shakllantirib bera oldi.

Saylov jarayonlarida ishtirok etganlar soniga kelsak. Bu yaxshi holat, deb hisoblayman, chunki u mana endi haqiqiy raqamlarga asoslandi».

Ulug‘bek Inoyatov, Xalq demokratik partiyasi lideri:

«Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturi xalqchil bo‘lishi uchun 2017 yilda tayyorgarlik jarayonini boshlagan. Bu yilgi saylovning o‘ziga xos jihati siyosiy partiyalarga o‘z g‘oya va tashabbuslarini jamoatchilik orasida targ‘ib qilish uchun keng imkoniyatlar bo‘ldi. Ochiq maydonlardagi targ‘ibot tadbirlarida, ommaviy axborot vositalari orqali o‘tkazilgan debatlarda partiyalararo g‘oyalar kurashi aks etdi. Bu ko‘ppartiyaviylik tamoyilini yangi bosqichga ko‘tarishda dolzarb ahamiyatga egadir.

Bu yilgi saylovning muhim yutuqli jihatlaridan yana biri shundaki, unda xalqimizning siyosiy-ijtimoiy faolligi oshgani, huquqiy xabardorlik darajasi ko‘tarilgani yaqqol sezildi.

Nomzodlar bilan uchrashuvlarda mamlakat kelajagi, xalq farovonligi bilan bog‘liq ko‘plab savollar berildi. Bir so‘z bilan aytganda, saylov jarayonlarida partiyamiz xalqqa yanada yaqinlashdi, tashabbuslarimiz hayotiy ekaniga, ularni amalga oshirish uchun qat'iyatli bo‘lishimiz zarurligiga yana bir bor amin bo‘ldik.

Xulosam shuki, O‘zbekistondagi demokratik islohotlar tabiiy rivojlanish va yuksalish yo‘liga chiqdi. Bu jarayon yangi avlod siyosatchilari yetishib chiqishiga mustahkam zamin hozirladi».

Aktam Xaitov, O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi lideri:

«Fikrimcha, saylovlar yomon o‘tmadi. Undagi jarayonlar ochiqlik, konstruktivlik va barcha partiyalar uchun teng imkoniyatlar prinsipiga asoslandi.

Shuningdek, bu saylovlar moliyalashtirishning yangi tizimi va kodeks asosida o‘tdi.

E'tirozli holatlar bo‘yicha shtabimiz ishlayapti va bu holatlar huquqiy jihatdan o‘rganilyapti.

Saylovda saylovchilarning ishtiroki masalasiga kelsak, ilk bor hayotiylikka yaqin keldi, desam bo‘ladi. Tez orada eng so‘nggi raqamlar ham aytiladi».

Mavzuga oid