Light | 20:51 / 24.12.2019
46851
7 daqiqa o‘qiladi

O‘rganishni o‘rganing: Qancha o‘qisa ham yangi bilim ololmaslikning 4 sababi

Shunchaki darslikni o‘qish yetarli emas.

Hammasi ravshandek ko‘rinadi: ma'lumotlar tayyor, ularni o‘qiysiz-u, yangi bilim va malakaga ega bo‘lasiz. Ayniqsa o‘quv qurollari — kitob, mashg‘ulot, onlayn servislar yetishmasligidan shikoyat qilishga hojat yo‘q. Ammo ko‘pincha shunday bo‘ladiki, biz gigabaytlab ma'lumot olamiz va ko‘p kuch, pul va vaqt sarflaymiz-u, ammo ko‘pi bilan yuzaki bilimnigina egallay olamiz. Quyida buning sabablari va yechimlari haqida ma'lumot beramiz.

1. Siz bilimlaringizni amaliyotda qo‘llamaysiz

Maktab va oliy o‘quv yurtida shunday o‘qitishgan: yangi bilimni egallash uchun bir dasta darslikni shunchaki sinchiklab ko‘zdan ko‘chirish kerak xolos, keyin esa o‘tilgan materiallar asosida nazorat ishi yoziladi. Ha, albatta, tushunib-tushunmasdan yodlashdan tashqari laboratoriya mashg‘ulotlari, amaliy darslar ham o‘tkaziladi. Ammo o‘qish jarayonida ularning o‘rni nazariya va testlarga nisbatan ancha kam bo‘ladi.

Natijada bizga tuyiladiki, bilim olish degani faqatgina darslikni diqqat bilan o‘qish-u, nima yozilgan bo‘lsa yodlashdan iboratdek.

Vaholanki, o‘tgan asrning elliginchi yillarida psixolog Benjamin Blum butun dunyo bo‘ylab o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda ko‘p yillardan beri qo‘llab kelinayotgan pedagogik maqsadlarni tasniflab chiqqan edi. Olim bilimni olti darajaga bo‘ladi, ularning eng quyi pog‘onasini esa aynan maktab va oliygohlarda eng ko‘p vaqt ajratiladigan odatiy yodaki bilim egallagan.

Ha, usiz iloji yo‘q, yodaki bilim har qanday o‘rganish uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Ammo ma'lumotni chuqur tahlil qilish, amaliyotda qo‘llash va uning asosida yangilik tashkil qilish malakasi shakllanmasa, olingan bilim befoyda o‘rganilgan faktlar yig‘indisidan nariga o‘tmaydi. Ba'zida esa butunlay unutiladi.

2. Siz ta'lim olishni o‘yinga aylantirishni istaysiz

Hozir «edyuteyment» (education + entertainment) urfga aylangan, ya'ni o‘z ichiga ham o‘qishni ham ko‘ngil ochishni olgan o‘qitish usuli. O‘qishning zerikarli usullaridan charchagan odamlar chet tilini film va podkastlar orqali o‘rganish imkoniyatidan foydalanishni istashmoqda.

Albatta, ilova do‘konlarida bolalar va kattalar uchun mo‘ljallangan xizmatlar tez sur'atlarda ko‘payib ketdi, ular bizning nimadir yangi narsani osonlikcha va o‘yinqaroqlik bilan o‘rganishimizni va'da qiladi. Surat va qisqa videolar tomosha qilamiz, sodda va qiziqarli vazifalarni bajaramiz, dam olamiz va boshqa foydalanuvchilar bilan suhbat quramiz. 

Bularning barchasi juda ajoyib, ammo muammo shundaki, o‘yin bilan o‘qitish bo‘yicha ilmiy ishlar, ayniqsa ushbu konsepsiyadan foydalanadigan maxsus dasturlar hozircha juda kam.

O‘qituvchilar va psixologlar haqiqatan ham bu turdagi norasmiy ta'lim samarali ekaniga ishonadilar. Hech bo‘lmaganda u ijobiy his-tuyg‘ularni uyg‘otadi va talabalarning qiziqishini uzoq vaqt saqlab tura oladi. 

Ammo jiddiy bilimni egallash chog‘ida o‘yin, xizmat va tajribalarni kuchli poydevor yaratishga yordam beradigan an'anaviy usullar bilan uyg‘unlashtirish kerak.
Masalan, faqatgina dastur yordamida chet tilini o‘rganishingiz dargumon. Hattoki, aks ta'sir ham vujudga kelishi mumkin. Hech qanday yangi bilim olmay, o‘yinlar va qiziqarli topshiriqlarga ko‘p vaqt va pul sarflash xavfi mavjud.

Lekin dasturni manbalardan biri sifatida ishlatishning zarari yo‘q. Garchi, ehtimol bir kun kelib holat o‘zgarar va tajribali o‘qituvchilar dasturchilar bilan birgalikda deyarli hech qanday kuch sarflamasdan yangi bilim egallashimizga yordam beradigan xizmatni taklif qilishar.    

3. Siz nomunosib darslik tanlaysiz

Hamma darslik va kurslar ham birdek foydali emas. Hozirgi kunda «bilim bozori»da faqatgina professionallar ishlayapti deb bo‘lmaydi. Har ikkinchi mashhur bloger — vaholanki, uning yoshi 15da bo‘lsa ham — o‘zining internet-marketing yoki dizayn kabi mashhur mavzulardagi kursi yoki guide ya'ni yo‘l-yo‘riqlarni e'lon qilib boradi.

Biroq agar siz to‘liq ma'lumotli mahsulotni sotib olsangiz yoki biror shubhali maktabga yozilsangiz, sifatli bilimga ega bo‘lmaysiz va shunchaki pulingizni behuda sarf qilasiz. Shuning uchun qo‘llanma yoki kursni tanlashdan oldin ularning ijtimoiy tarmoq sahifalaridagi sharhlarni o‘qing hamda uning mualliflari haqida ma'lumotlar bilan tanishing. 

Ularning o‘zlari o‘qitiladigan mavzuni yaxshi bilishlari shart. 

Va bu balandparvoz so‘zlar bilan emas, balki diplomlar, sertifikatlar va ish tajribasi bilan tasdiqlanadi. Bundan tashqari, ma'lumot yaqin kunlarga oid bo‘lishi kerak. Shu sababli, 50 yil oldin yozilgan qo‘llanmalar zamonaviy kurslarga qaraganda sizga kamroq foyda keltiradi. Albatta, fundamental yangilanishlarga ega bo‘lishi mumkin bo‘lmagan fanni, masalan, anatomiyani o‘rganmoqchi bo‘lmasangiz, shuni maslahat bera olamiz.

4. Siz o‘rganishning faqat bitta usuliga e'tibor qaratasiz

Kaliforniya universiteti professori, neyrobiolog Terrens Seynovski o‘zining mashhur «O‘rganishni o‘rganing» kursida muvaffaqiyatli bilim olishning asosiy tamoyillari to‘g‘risida gapiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, turli o‘quv qurollari va texnikalari o‘rtasida almashinish bizning miyamiz uchun, masalan, darslikni yodaki sayrab berishdan ko‘ra foydaliroqdir. 

Turli yondashuvlarni almashtirish orqali biz miyaga nerv aloqalarini kuchaytirishga va olingan bilimlarni mustahkamlashga yordam beramiz. 

Shunday qilib, mavjud barcha manbalardan foydalaning: kitob o‘qing, videolar tomosha qiling, test yeching, tajriba o‘tkazing, insholar yozing va albatta bilimingizni amalda qo‘llang.

Mavzuga oid