UzAuto Motors yangi modellarining narxi qancha?
25 dekabr kuni UzAuto Motors kompaniyasi to‘rtta yangi krossoverini taqdim etishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda yana avtosanoat monopoliyasi mavzusi ko‘tarildi.
Boisi – taqdim etilgan to‘rtala avtomobilning birortasini ham o‘rtacha-statistik o‘zbekistonlik uchun hamyonbop deb bo‘lmaydi.
Taqdim marosimidan so‘ng qator savollar ochiq qoldi. Konsert tarzida o‘tkazilgan marosimda rasmiylardan hech kim so‘zga chiqmadi, tabiiyki jurnalistlarda ulardan intervyu olish imkoni ham bo‘lgani yo‘q.
Ajablanarlisi, 26 dekabrdan sotila boshlashi aytilgan mashinalarning hatto narxi ham e'lon qilingani yo‘q. Kun.uz'ning narx masalasida kompaniya matbuot xizmatiga bog‘lanishi ham befoyda bo‘ldi.
Ayrim manbalarimiz bergan ma'lumotga ko‘ra, yangi avtomobillarning taxminiy narxi quyidagicha:
Equinox – 280-300 mln so‘m
Traverse – 380-400 mln so‘m
Trailblazer – 480-500 mln so‘m
Tahoe – 780-800 mln so‘m
Arzonroq bo‘lishi umid qilingan Chevrolet Onix sedanidan esa hozircha darak yo‘q.
UzAuto Motors yangi modellarni ishlab chiqarishni qanchalik o‘zlashtirgani, loyihalarni mahalliylashtirish darajasi haqida ham ma'lumot yo‘q. Shu boisdan ham ijtimoiy tarmoqlarda ushbu yangi modellar haqiqatan ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilganmi-yo‘qmi, degan istehzo aralash savollar uchramoqda.
Jumladan, Telegram'dagi «Zametki ekonomista» kanali shunday deb yozadi:
«Balki menga shunga tuyulayotgandir, lekin yangiliklarda «ishlab chiqariladi» degan so‘zni ko‘rmadim. Buning o‘rniga faqat «sotiladi» bor. Kimdir o‘ylashi mumkin: «Bu shunchaki importmi? Shunday bo‘lsa, bizga «ishlab chiqaruvchi»ning nima keragi bor?
Men qachondir bir kun kelib O‘zbekistonda avtomobil hashamat belgisi emas, shunchaki harakatlanish vositasiga aylanishini, avtomobil xarid qilish hech kimning hayotiy maqsadlaridan biri bo‘lib qolmasligini orzu qilaman».
Bloger Muhrim A'zamxo‘jayev narxlar masalasiga to‘xtalar ekan, 2020 yildan boshlab narxi 40 ming dollardan qimmat avtomobillar importi uchun bekor qilingan bojlar qayta tiklanganini eslab o‘tgan.
«Prezident 2018 yil iyunidagi bitta qarori bilan narxi 40 ming dollardan yuqori bo‘lgan «inomarka»lar uchun 2019 yil 1 yanvardan import bojini bekor qilgan edi. Lekin 2019 yil tugamay, bu boj qayta tiklandi va 2020 yil 1 yanvardan yana avvalgidek dvigatel hajmiga qarab, boj solinadi.
Biroq «ko‘zimiz quvonchi» hisoblangan milliy avtokorxonamizning «hamma uchun mo‘ljallanmagan» bugungi taqdimoti va 2020 yildan narxi 40 ming dollardan yuqori «inomarkalar»ga import bojining qayta tiklanishi o‘rtasida bog‘liqlik yo‘q, albatta. Yo‘q, umuman yo‘q, bo‘lgan ham emas», deb yozadi u.
Mavzuga oid
20:33 / 13.11.2024
«O‘zbekiston temiryo‘llari» 1 dekabrdan yuk tashish tariflarini 30 foizga oshiradi
08:08 / 07.11.2024
Monopoliyaga qarshi organ roziligisiz davlat ishtirokidagi korxona tashkil etilgan 4 ta holat aniqlandi
14:06 / 26.10.2024
Taom yetkazib berish xizmatlari bozori monopollashdi
19:03 / 15.10.2024