O‘zbekiston | 20:20 / 27.12.2019
41060
3 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilarning mastligini aniqlash jarayoni soddalashtirilmoqda – IIV

IIV YHXBB axborot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusov prezident qaroriga muvofiq haydovchilarning mastligini aniqlash soddalashtirilayotgani, buning uchun endi tibbiyot muassasasiga borish shart bo‘lmasligi haqida ma'lum qildi.

«O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 19 iyundagi PQ-3786-son qaroriga asosan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga haydovchilarning mastligini aniqlashda soddalashtirilgan tartibini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan edi. Shunga muvofiq, 2018 yilning dekabr oyida SSV, IIV, Oliy sud va Bosh prokuraturaning qo‘shma qarori bilan maxsus nizom tasdiqlandi. Ushbu nizomga ko‘ra soddalashtirgan tartibda, ya'ni qo‘lda olib yuriladigan «Alkotestr» qurilmadan foydalangan holda transport vositalari egalarining mast yoki mast emasligini aniqlashning imkoni paydo bo‘ldi», deya Akmal Yunusovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Alkotestr» – bu haydovchilarning yo‘l harakati davomida alkogolli ichimlik ichgan yoki ichmaganini ko‘rsatib beruvchi moslama hisoblanib, u alkogolni inson og‘iz bo‘shlig‘idan chiqayotgan havo orqali aniqlab beradi. Ya'ni moslamaning havo yutgich teshigiga puflaganida inson organizmidagi alkogolning miqdorini milligrammlarda aniqlab beradi. Bu moslama haydovchilar va YPX xodimlari ortiqcha vaqt yo‘qotmasligini ta'minlaydi va ish sifatini yanada oshiradi.

«Hozirgi kunda 109ta shunday qurilma olib kelingan. 2020 yilda yana 245tasini sotib olishni rejalashtirganmiz. Kelgusida DYHXX xodimlarining barchasini shunday moslamalar bilan ta'minlamoqchimiz. Maqsadimiz – «Alkotestr» moslamalarini ko‘proq amaliyotga jalb qilish va kelgusida bo‘ladigan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish. Agarda haydovchida alkogol miqdori 0,135 milligramm va undan yuqoriligi aniqlansa, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi bilan bir yil-u olti oydan uch yilgacha muddatga avtomobil haydash huquqidan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdoridan 25 baravarigacha jarima solishiga sabab bo‘ladi», deydi Akmal Yunusov.

U xodim tomonidan alkogolli ichimlik ichganlikda gumon qilinib to‘xtatilgan haydovchi «Alkotestr» qurilmasidan foydalangan holda mast emasligi aniqlangan taqdirda, u yo‘lini bemalol davom ettirishi mumkinligini ta'kidladi.

Mavzuga oid