Jahon | 18:17 / 29.12.2019
17533
3 daqiqa o‘qiladi

Yakunlanayotgan yil AQShda ommaviy qotilliklar soni bo‘yicha rekord qayd etildi

Foto: REUTERS

AQShda 2019 yilda ommaviy qotilliklar soni bo‘yicha tarixdagi eng  yuqori ko‘rsatkich qayd etildi.

Assoshieyted press agentligi, USA Today nashri va Shimoliy-Sharqiy universitet o‘tkazgan tadqiqotdan ma'lum bo‘lishicha, yakunlanayotgan yilda 41 hodisa va 211 qurbon qayd etilgan. Bir hodisada hujum qiluvchidan tashqari 4-5 kishi halok bo‘lsa, bu ommaviy qotillik hisoblanadi.

AQShda 2019 yildagi eng yirik ommaviy qotilliklar may oyida Virjiniya-Bich (Virjiniya shtati, 12 kishi) va avgustda El-Pasoda (Texas, 22 kishi) ro‘y bergan xunrezliklar bo‘ldi.

Tadqiqotga ko‘ra, eng ko‘p ommaviy qotilliklar Kaliforniyada sodir etilgan.

41 hodisadan 33tasi o‘qotar qurol orqali sodir etilgan.

Bu statistika 2006 yildan boshlab hisoblangan, ammo bunday tadqiqotlar 1970-yillardan o‘tkazila boshlagan. Bungacha ommaviy qotilliklar eng ko‘p sodir bo‘lgan yil 2006 yil bo‘lgandi - 38.

2017 yilda esa ommaviy qotilliklar soni bo‘yicha bo‘lmasada, qurbonlar soni bo‘yicha rekord qayd etilgandi - 224 kishi. O‘sha yilning oktyabrida Las-Vegasdagi musiqa festivali chog‘ida otishma qurbonlari soni 59 kishini tashkil qilgandi. Bu hodisa AQSh tarixidagi eng qonli hodisa bo‘lgandi.

Tadqiqot mualliflarining qayd etishicha, AQShdagi ommaviy qotilliklarning barchasi ham keng yoritilmaydi, chunki ba'zi qotilliklar jamoat joylarida emas, oilaviy sabablar bilan yoki guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida ham ro‘y beradi.

Qurolga egalik huquqi AQSh Konstitutsiyasiga ikkinchi tuzatish bilan mustahkamlab qo‘yilgan, ommaviy qotilliklar keskin darajada o‘sishi ham qonunchilikka o‘zgartirish kiritishga va qurol savdosini nazorat qilish borasida islohotlarga olib kela olmadi.

Avgust oyida Texasdagi El-Paso va Ohayodagi Deyton shaharlarida sodir etilgan otishmalardan keyin AQSh prezidenti Donald Tramp avtomatik vintovkalar savdosini taqiqlashga erta ekani haqida gapirgandi. «Ammo men, albatta masalani ko‘taraman. Ehtiyoj bor va juda kuchli, qat'iy o‘zgarishlar kiritiladi», - degandi o‘shanda Tramp. Ommaviy otishmalarni u jinoyatchilarning ruhiy holati bilan bog‘lagandi.

Mavzuga oid