Sport | 18:32 / 05.01.2020
9585
2 daqiqa o‘qiladi

PFL rahbari Superliganing qarzdor klublarini transferlar borasida ogohlantirdi

O‘zbekiston professional futbol ligasi direktori Davron Shoqurbonov Superliga klublariga xat yo‘llab, qarzdor klublarni ogohlantirgan. Bu haqda Tribuna.uz manbasi xabar bermoqda.

«2020 yilgi mavsumda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidentining topshirig‘iga asosan, futbolchi va murabbiylar bilan imzolanayotgan mehnat shartnomalari bo‘yicha qator talablar belgilanmoqda.

Yilni katta qarzdorlik bilan tugatayotgan futbol klublariga qishki transfer oynasida futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilmaydi. Bu holatda qarzdorlik bartaraf etilgan taqdirda ham, transfer bozori ular uchun ochiq bo‘lmaydi. Mazkur cheklovni belgilanishida qarzlarni qachondir to‘lash emas, o‘z vaqtida to‘lanishini ta'minlashga e'tibor qaratilgan. Transfer oynasi yopilayotgan vaqtda ham qarzlari bo‘lgan futbol klublariga yozgi transfer vaqtida ham mehnat shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi», - deya yoziladi PFL direktori tomonidan imzolanib, klublarga jo‘natilgan xatda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston chempionatida transferlar oynasi 17 dekabrdan rasman ochilgan bo‘lib, 7 martgacha davom etadi. Bu yildan futbolchilarni O‘zPFLda ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi talab etiladi. Superliga yangi mavsumi 28 fevral kuni start oladi.

Mavzuga oid