O‘zbekiston | 19:56 / 07.01.2020
104642
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zavtosanoat»da arzon avtomobillar ishlab chiqarish rejasi yo‘qmi?

Shevrole Ekvinoks. Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

O‘zbekistonda Spark, Nexia, Cobalt va Gentra avtomobillarini ishlab chiqarish 2-3 yil ichida to‘xtatiladi. Ularning o‘rniga chiqariladigan yangi modellar (masalan, Onix)ning narxi esa 10-15 ming dollar atrofida bo‘ladi.

6 yanvar kuni «O‘zavtosanoat» AJ mas'ullari bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida hamyonbop, 5-8 ming dollar narxdagi avtomobillar ishlab chiqarishga oid aniq rejalar bor-yo‘qligi borasida ma'lumot berilmadi.

Bu haqdagi savolga javob bergan Strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qodirov arzon avtomobillar chiqarish borasida ham «ishlar olib borilayotgani»ni aytish bilan cheklandi.

«10-15 ming dollarlik avtomobillarni arzon deb bo‘lmaydi. Arzon kategoriyadagi avtomobillarning narxi 10 ming dollardan past bo‘ladi. Bu bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti. Men Strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i sifatida sizni ishontirib aytishim mumkinki, biz jim o‘tirganimiz yo‘q – ertalabdan kechgacha ishlaymiz va bozorimiz o‘sishini biz ham xohlaymiz.

Qancha ko‘p mahsulot sotsak, ishlab chiqarish o‘zimizga shuncha arzon tushadi. Chunki 27 ming kishiga kuniga mingta mashina chiqarsa ham, 10 mingta mashina chiqarsa ham deyarli bir xil maosh to‘lanadi, ya'ni masshtab effekti. Qancha ko‘p mashina ishlab chiqarsak, qancha ko‘p mashina sotsak, o‘zimizga ham shuncha yaxshi.

Shuning uchun ham arzon, ham budjet, ham premium segmentdagi mashinalar ishlab chiqarish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Arzon kategoriyadagi avtomobillarning xaridori ko‘p, shu bois bu segmentni tashlab qo‘ymaymiz», – degan Qodirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid