Sport | 00:37 / 08.01.2020
3743
2 daqiqa o‘qiladi

Australian Open yong‘inlar sababli yopiq kortlarda o‘tkazilishi mumkin

Foto: EPA

20 yanvarda Melburnda boshlanadigan tennis bo‘yicha Avstraliya ochiq chempionati o‘yinlari Avstraliyada bir necha oydan beri davom etayotgan o‘rmon yong‘inlari sababli yopiq kortlarda o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

“Katta dubulg‘a” seriyasiga kiruvchi musobaqaning tashkilotchilari o‘yinlar ochilib-yopiluvchi tomli stadionlarda yoki yopiq kortlarda o‘tkazilishi mumkinligini ma'lum qilishgan. “Bizda “Melburn-park”da 3 ta ochilib-yopiluvchi tomli stadion va 8 ta yopiq kort bor. Kuchli tutun vaqtida stadionlar tomlari yopiladi, o‘yinlar vaqtida unda konditsionerlar ishlab turadi. Agar tutun stadionlar ichiga kirsa, havoni shamollatish tizimi uni filtrlaydi”, deyilgan musobaqa tashkilotchilari xabarida.

“O‘yinchilar, xodimlar va muxlislar salomatligi hamisha ustuvor bo‘ladi va biz buni yodda tutgan holda qaror qabul qilamiz”, deb aytgan musobaqa direktori Kreyg Tayli.

Avvalroq Australian Open’ning 7 karra g‘olibi Novak Jokovich musobaqa boshlanishini keyinroqqa ko‘chirishni taklif qilgandi.

Musobaqa 20 yanvardan 2 fevralgacha Melburnda bo‘lib o‘tadi. Ayni vaqtda Avstraliyaning Brisben, Pert va Sidney shaharlarida Professional tennischilar uyushmasining jamoaviy musobaqasi ATP Cup bo‘lib o‘tmoqda.

Avstraliyadagi o‘rmon yong‘inlari 2019 yil oktyabridan beri davom etmoqda. Ayni vaqtda mamlakatning Yangi Janubiy Uels va Melburn joylashgan Viktoriya shtatlarining katta hududi olov bilan qamrab olingan. 

Mavzuga oid