Jahon | 08:40 / 09.01.2020
180153
3 daqiqa o‘qiladi

General Sulaymoniy uchun qasos olindi - Eron

Foto: AP Photo/Vahid Salemi

Eronlik general Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgani uchun AQShdan qasos olindi, Tehron AQSh tomonidan boshqa tajovuz bo‘lmasa, yangi harbiy harakatlarni amalga oshirmaydi. Bu haqda Eronning BMTdagi doimiy vakili Majid Taxt-Ravonchiy ma'lum qildi.   

«Barcha harakatlarimiz Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishiga mutanosib bo‘ldi. Ular yakunlandi», deb aytgan Eron vakili. U AQSh prezidenti Donald Tramp Iroqdagi harbiy bazalar raketa zarbalariga uchragandan keyin bergan bayonotiga shunday izoh bergan.  

Diplomat Eron BMTning mudofaa huquqi haqidagi 51-moddasiga asosan harakat qilganini ta'kidlagan.   

«Agar AQSh Eronga nisbatan harbiy harakatlar amalga oshirmasa, biz ham shunday yo‘l tutamiz», deb ta'kidlab o‘tgan Taxt-Ravonchiy.

8 yanvarga o‘tar kechasi Sulaymoniyning o‘limiga javob sifatida Eron harbiylari amerikaliklarning Iroqdagi bazalariga raketa zarbalari yo‘lladi. Erondagi davlat telekanallari bu hujum oqibatida 80 nafar amerikalik o‘ldirilgani haqida xabar tarqatdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp bu hujumdan 16 soat o‘tib bergan bayonotida eronliklarning hujumi oqibatida «biror amerikalik jabrlanmagani», «faqatgina harbiy bazalardagi obektlar minimal darajada shikastlangani» haqida gapirdi. Tramp «Eron, aftidan, chekinishga qaror qilgani» haqida qo‘shimcha qilib, bu davlatga «qo‘shimcha iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanishi» haqida aytib o‘tdi.

Bugun Eron BMTga ziddiyatni keskinlashtirishni istamasligi haqida ma'lum qildi.

Islom respublikasi murojaatida Iroqdagi bazalarga berilgan zarbalarga izoh berilgan va Eron «mintaqada eskalatsiya yuzaga kelishini istamasligi» bildirilgan. 

«Amaliyot harbiy obektlarga aniq yo‘naltirildi va tinch fuqarolar halok bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmadi», deyiladi nomada.

AQSh ham BMTga noma yo‘llagan va unda mamlakat Eron bilan «jiddiy muzokaralar boshlashga tayyorligi» bildirilgan.

AQShning BMT qoshidagi maxsus vakili Kelli Kraft AQSh «mintaqadagi tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarning oldini olish uchun oldindan shartlar qo‘ymasdan Eron bilan jiddiy muzokaralar boshlashga tayyorligi» haqida ma'lum qilgan.

Mavzuga oid