O‘zbekiston | 13:46 / 11.01.2020
51670
4 daqiqa o‘qiladi

Talabalar bilan qayta hisob-kitob qilinishi kerakmi?

Foto: Fotolia / WavebreakmediaMicro

Ma'lumki, respublika oliy ta'lim muassasalarida joriy o‘quv yilidan boshlab barcha talabalar uchun bir xil bo‘lgan – 400 ming so‘mlik stipendiya belgilandi. Respublika oliy ta'lim kengashi a'zosi, huquqshunos hamda bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining telegram kanaliga joylagan xabarida bir xil stipendiya to‘lashga hozircha hukumatning haqqi yo‘qligi, talabalar bilan o‘tgan to‘rt oy uchun (2019 yil sentyabr-dekabr) qayta hisob-kitob qilinishi kerakligini aytgan.

Bugungi kunda talabalarga stipendiya to‘lash tizimi 2004 yil 10 martda tasdiqlangan hamda Adliya vazirligidan 1339-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Yo‘riqnoma bilan tartibga solinadi. Ushbu Yo‘riqnomaning 3-bandida talabalarga tabaqalangan koeffitsiyentlarni qo‘llash orqali stipendiya to‘lash belgilangan.

Ushbu Yo‘riqnomaga hozircha o‘zgarish kiritilgani yoxud mazkur Yo‘riqnomaning amal qilish muddati to‘xtatib turilgani yo‘q.

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunning 35-moddasi hamda «Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalari»ning 120-bandiga binoan, normativ-huquqiy hujjatning yoki uning qismining amal qilishi uni qabul qilgan organ yoxud uning yuqori turuvchi organi tomonidan muayyan muddatga yoki muayyan hodisa yuz berguniga qadar to‘xtatib turilishi mumkin va bu tegishli idoraviy normativ-huquqiy hujjat bilan amalga oshiriladi.

Hozirgacha yuqoridagi Yo‘riqnomaning amal qilishi to‘xtatib qo‘yilgani yo‘q yoki shunga oid birorta idoraviy normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmadi (e'lon qilinmadi, ro‘yxatga olinmadi).

Unda sentabr oyidan barcha talabalarga bir xil 400 ming so‘m stipendiya to‘landi-ku, bu qanday huquqiy asosga ega edi? Hech qanday!

Shunchaki, Moliya vaziri o‘rinbosari O.Isoqov hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari S.Buzrukxonovning OTM rektorlariga yo‘llagan qo‘shma xatini ko‘rdik, xolos. O‘sha xatda stipendiya to‘lash tartibiga o‘zgarish kiritilayotgani sababli 1 sentyabrdan hammaga 400 ming so‘m stipendiya (va yana boshqa qoidalar asosida) to‘lashni ta'minlash so‘ralgan.

Vaholanki, ushbu xat asosida amalda o‘z kuchida bo‘lib turgan Yo‘riqnomadagi tabaqalashtirilgan stipendiya to‘lash tartibini inkor qilib, barchaga bir xil stipendiya to‘lash – noqonuniy edi! Vazir o‘rinbosarlarining xati normativ-huquqiy hujjat hisoblanmaydi va amaldagi NHHni to‘xtatib turish, boshqa yangi qoidalar belgilashga ularning haqqi yo‘q.

Toki haligacha hukumatning stipendiyaga oid yangi qarori rasman tasdiqlanmagan ekan, demak OTMlar talabalarga tabaqalashtirilgan stipendiya to‘lashga majbur. Hukumat zudlikda sentabr oyidan boshlab talabalar bilan qayta hisob-kitob qilishi shart va zarur, deb yozmoqda Respublika oliy ta'lim kengashi a'zosi X.Xudoyberdiyev.

Mazkur xabarga nisbatan hozircha biror vazirlik yoki idora tomonidan munosabat bildirilmagan.

Mavzuga oid