Jamiyat | 00:33 / 11.01.2020
5642
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat stomatologiya instituti xalqaro ISO sertifikatiga ega bo‘ldi

Poytaxtimizda tashkil etilgan “Oliy tibbiy ta'lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta'lim dasturlarini amalga oshiruvchi “XAB”ga aylantirishga doir islohotlar” mavzuida o‘tkazilgan xalqaro o‘quv-uslubiy konferensiya ochilishida Toshkent davlat stomatologiya institutiga xalqaro ISO sertifikati topshirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

– Yurtimizdagi oliy ta'lim muassasalari orasida birinchilardan bo‘lib, institutimizning xalqaro ISO sertifikatiga ega bo‘lganidan judayam mamnunmiz,– deydi Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Jasur Rizayev. – Bu ta'lim jarayoni xalqaro standartlarga mos ravishda davom etayotgani, xalqaro reytinglarga kirish imkoniyatimiz oshib, institutimiz nafaqat yurtimizda, balki chet elda ham o‘z reytingiga ega bo‘lishini anglatadi.

Umuman olganda, oliy o‘quv yurtimiz ko‘plab yutuqlarga erishib kelmoqda. Jumladan, o‘tgan yilda institutimizda “Stomatologiya Yuga-2019” xalqaro olimpiadasi o‘tkazildi va unda talabalarimiz eng yuqori o‘rinlarni egalladi. Shuningdek, muassasamiz Xalqaro stomatologlar federatsiyasi, Yevropa kariyesologiya assotsiatsiyasi, Xalqaro tibbiyot talabalari uyushmalari federatsiyasi, Amerika rinologlar jamiyati hamda Yaponiya jarrohlar uyushmasining to‘laqonli a'zosi bo‘ldi.

E'tirof etish joizki, Toshkent davlat stomatologiya institutida 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab fakultetlarning barcha kurslarida ayrim mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Bunday zamonaviy imkoniyatlar malakali kadrlar tayyorlash, stomatologiya sohasida jahon tibbiyotining ilg‘or tajribalarini keng joriy etish, xalqimizga ko‘rsatilayotgan stomatologik xizmatni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, institut o‘qituvchi va talabalarining xorijda malaka oshirib kelishlari, chet el oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarining talabalarga mahorat darslari o‘tishlariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Institutda xalqaro qo‘shma ikki diplomli ta'lim dasturlari soni bakalavr bosqichida 4 ta, magistraturada 9 ta, klinik ordinatura yo‘nalishi bo‘yicha 3 taga yetdi. 

Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tuzilgan reytingda Toshkent davlat stomatologiya instituti O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari orasida 8-o‘rinni egallab, tibbiyot oliy ta'lim muassasalari orasida eng yuqori natijani qo‘lga kiritdi. 

Mavzuga oid