Jahon | 09:55 / 15.01.2020
42042
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda samolyot maktablar ustiga yoqilg‘i to‘kib yubordi. Bolalar jabrlandi

14 yanvarda samolyot Los-Anjyeles yaqinidagi bir nechta maktab ustiga aviayonilg‘i to‘kkach 60 kishi tibbiy yordam oldi. Bu haqda CNN telekanali xabar berdi.

Los-Anjyeles o‘t o‘chirish xizmati noziri Shon Fergyusonning ta'kidlashicha, voqea tushlikdan keyin yuz bergan. Gap umumiy hisobda 6 maktab haqida bormoqda. Ulardan 5 tasi boshlang‘ich, yana bittasi yuqori sinflar o‘qiydigan maktab bo‘lgan. 

Ma'lum qilinishicha, aviayonilg‘i to‘kilishi Delta Air Lines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 777-200 samolyotining favqulodda qo‘nishi vaqtida yuz bergan. Shanxayga uchayotgan samolyot dvigateli bilan yuz bergan muammo sababli Los-Anjyelesga qaytishga majbur bo‘lgan. Bunday vaziyatlarda samolyot qattiq qo‘nishi mumkin va u yonib ketmasligi uchun sarflanmagan aviayonilg‘idan xalos bo‘lishga harakat qilinadi. 

Xabarda aytilishicha, maktablar o‘quvchilari va xodimlari ustiga yonilg‘i tushgan yoki ular uning bug‘lari bilan nafas olgan bo‘lishlari mumkin. Voqea joyiga 70 nafar o‘t o‘chiruvchi va tez yordam xodimlari yetib kelgan. Shifokorlar teri qichishishi va nafas olishdagi muammolardan shikoyat qilganlarga yordam ko‘rsatganlar. 

Mavzuga oid