Jahon | 18:44 / 15.01.2020
288169
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya hukumati iste'foga chiqdi

Rossiya hukumati to‘liq tarkibda iste'foga chiqdi. Bu haqda hukumat rahbari Dmitriy Medvedev ma'lum qildi.

Foto: Reuters

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda u davlat rahbarining konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi taklifi fonida bu qarorni to‘g‘ri deb hisoblashini aytgan, taklif qilingan o‘zgarishlar ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati o‘rtasidagi muvozanatni o‘zgartirishini ta'kidlagan.

O‘zgartirishlar, xususan, bosh vazir va Vazirlar Mahkamasining barcha a'zolarini Davlat Dumasi roziligi bilan tayinlashni nazarda tutadi. 

«Bu kontekstda ochiq ko‘rinib turibdiki, biz Rossiya Federatsiyasi hukumati sifatida mamlakatimiz prezidentiga tegishli barcha qarorlarni qabul qilish imkoniyatini taqdim etishimiz kerak va men shu sharoitda Rossiya konstitutsiyasining 117-moddasiga muvofiq, Rossiya hukumati to‘liq tarkibda iste'foga chiqishini to‘g‘ri bo‘ldi deb hisoblayman», degan u.

Putin Medvedev hukumatiga amalga oshirilgan ishlar uchun minnatdorchilik bildirgan, «hammasi o‘xshamagan bo‘lsada» natijalardan qanoatlanganini aytgan, yangi tarkibdagi Vazirlar Mahkamasi shakllangunicha o‘z vazifasini bajarib turishni topshirgan.  

U shuningdek, Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari lavozimini joriy etish va bu lavozimni Medvedevga taklif qilish niyatini bildirgan.

«Dmitriy Anatolevich mudofaa qobiliyatimiz va xavfsizlik darajamizni oshirish nuqtayi nazaridan hamisha bu masalalar bilan shug‘ullanib kelgan. Men undan kelajakda aynan shu masalalar bilan shug‘ullanishini so‘rayman. Men buni mumkin deb hisoblayman va buni yaqin orada amalga oshiraman - Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari lavozimini joriy etaman», degan Putin.

«Kutilmagan iste'fo»

Bi-bi-sining hukumatga yaqin manbasi xabar qilishicha, Vazirlar Mahkamasi a'zolari iste'fo haqida oldindan ogohlantirilmagan. Putin parlamentga murojaatnomadan keyin hukumat a'zolari bilan uchrashishi haqida murojaatnoma vaqtida voqif bo‘lishgan. 

«Ammo biz bu [uchrashuv] murojaatnomadagi topshiriqlarning ijrosi bo‘yicha bo‘lishini kutgandik», degan manba.

Chorshanba kuni Vladimir Putin Federal yig‘ilishga (Rossiya parlamenti) murojaat qildi. U murojaatnomasida konstitutsiyaga prezident va hukumatning boshqa institutlari o‘rtasida vakolatlarni qayta taqsimlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni taklif qilgandi.

Amaldagi hukumat 2018 yil mayida shakllantirilgandi. Medvedev hukumatni 2012 yildan buyon boshqarib kelmoqda.

Odatga ko‘ra, Rossiyada hukumat prezident inauguratsiyasidan keyin iste'foga ketardi. Medvedev hukumati so‘nggi marta 2018 yil mayida ham shunday tartibda iste'foga chiqqandi. Shuningdek, davlat rahbari o‘z tashabbusiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasini tarqatib yuborish holatlari ham kuzatilgan. Bunday holat 5 marta ro‘y bergan - 1998 yilda Boris Yelsin Viktor Chernomirdin va Sergey Kiriyenko hukumatini, 1999 yilda Yevgeniy Primakov va Sergey Stepashin hukumatini, Vladimir Putin esa 2004 yilda Mixail Kasyanov hukumatini tarqatib yuborgan. Faqat bir marta hukumat o‘z ixtiyori bilan iste'foga chiqqan - 2007 yilning 12 sentyabrida Mixail Fradkov prezidentdan hukumatni iste'foga chiqarishni so‘ragan.

  • Moskva birjasi ma'lumotlariga ko‘ra, rubl hukumatning iste'foga chiqishiga 30 kopeyka atrofida dollar va yevroni tushirish bilan munosabat bildirdi. Ammo Medvedevning bayonoti oldidan milliy valuta tez orada pozitsiyalarga qaytdi. Birja bozori ham tushib ketdi: Moskva birjasi va RTS indekslari har birida 1 foizdan kam yo‘qotdi. 

Mavzuga oid