O‘zbekiston | 14:20 / 21.01.2020
95133
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi eng muammoli sohani ma'lum qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda 97 nafar senator va 150 nafar deputatlar ishtirok etyapti.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, ma'ruza qilmoqda.

Davlat rahbari o‘z nutqida O‘zbekistonda muammoli hisoblangan eng og‘ir masalalarga to‘xtalib o‘tdi:

«Bizda muammolar ko‘p, bu muammolarni sizlar ham bilishingiz kerak. Takror-takror aytaman: oyog‘imiz yerdan uzilmasdan, hali endi-endi birinchi qadamlar qo‘yyapmiz, lekin xalqimizga bir narsaga tashakkur aytishimiz kerakki, bizning birinchi qadamlarimizga xalqimiz ishona boshlayapti. Xalqimizga yana bir bor o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Bugungi kunda eng katta, og‘ir masalalar yoqilg‘i-energetika sohasida. Sizlarga rostini aytmoqchiman: biz yoqilg‘i-energetikada hali birinchi qadamlarimizni ham amalga oshira olmayapmiz. To‘g‘ri, strategiya qabul qildik, lekin ularni amalga oshirish bo‘yicha, korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha, hisob-kitobni joyiga qo‘yish bo‘yicha hali ishlarimiz mutlaqo qoniqarli emas, desak adolatdan bo‘ladi. Korrupsiya juda ko‘p, poraxo‘rlik juda ko‘p, shuning uchun deputatlar ham, senatorlar ham, hokimlar ham yoqilg‘i-energetika sohasiga juda katta e'tibor berishi kerak. Nega desangiz, yoqilg‘i-energetikani joy-joyiga qo‘ymaganimizcha sanoatni, iqtisodiyotni rivojlantirish juda og‘ir bo‘ladi. Ming afsus, yillar davomida bu sohalar korrupsiya bilan botqoqqa tushib ketgan sohalar, desak bu ham adolatdan bo‘ladi. 

Birinchi, yoqilg‘i-energetika, geologiya. Bundan 30-40 yil oldin O‘zbekiston geologiya bo‘yicha juda katta ilmiy salohiyatga ega bo‘lgandi. Ming afsuski, bu ilmiy salohiyat yo‘q bo‘ldi, desak bu ham adolatdan. 25 yil davomida bironta odam geologiya bilan shug‘ullanmadi. Bor ilmiy salohiyatni yo‘q qildik. Bu sohaning kadri ham yo‘q, ilmiy guruhlar, akademiklar yo‘q. Buni ham bilishingizlar kerak. Ura-ura qilib, qonun qabul qilish kerak deb ish qilmanglar. Qonun qabul qilganda ham vijdondan o‘tkazinglar: xo‘sh, bu qonunni kim bajaradi?!

Shuning uchun, energetikadan keyin eng katta og‘ir sohamiz geologiya, transport, temir yo‘llarimiz ham, havo yo‘llarimiz ham dunyo hamjamiyatiga, umuman, hozirgi islohotlarimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Qaysidir soha bo‘yicha salgina yo‘nalish qilgan bo‘lsak, lekin transport sohasi bo‘yicha hali birinchi qadam ham qo‘yganimiz yo‘q. Yo‘l qurilishi bo‘yicha ahvolimiz juda ham... umuman, qurilish va yo‘l qurilishi bo‘yicha ahvolimiz yaxshi emas, ichimlik suvi ta'minoti bo‘yicha katta-katta qarorlar qabul qilishimiz kerak, uzoq-uzoq qishloqlarda odamlarning noroziligi ham mana shu masalalarga juda ko‘ndalang desak, bu ham to‘g‘ri bo‘ladi», - dedi davlat rahbari. 

Mavzuga oid