O‘zbekiston | 16:25 / 23.01.2020
25398
4 daqiqa o‘qiladi

Demokratiya indeksi: O‘zbekiston 167 mamlakat orasida 157-o‘rinda

Buyuk Britaniyaning «The Economist Intelligence Unit» analitik guruhi an'anaviy yillik Demokratiya indeksini e'lon qildi. Unda O‘zbekiston 167ta mamlakat orasidan 157-o‘rinda qayd etilgan.

60ta indikator bo‘yicha respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichi 10 baldan 2,01 balni tashkil etgan. O‘zbekiston 2018 yilgi reytingda xuddi shuncha ball bilan 156-o‘rinni egallagan edi.

So‘nggi o‘ntalikda O‘zbekistondan tashqari Markaziy Osiyo davlatlaridan Tojikiston (159-o‘rin, 1,93 ball) va Turkmaniston (162-o‘rin, 1,72 ball) ham bor.

Qirg‘iziston 4,99 ball bilan 101-pog‘onani, Qozog‘iston esa 2,94 ball bilan 139-o‘rinni egallagan.

Reyting mualliflari 4 va undan kamroq ball to‘plagan mamlakatlardagi boshqaruvni «avtoritar rejim» deb hisoblaydi. Rossiya va Xitoy ham shular jumlasidandir. Ular mos ravishda 134- va 153-o‘rinlarda ko‘rsatilgan (3,11 va 2,26 ball).

22ta davlatda «to‘liq demokratiya» hukmron. 54ta mamlakatda «nomukammal demokratiya», 37ta hududda esa «gibrid rejimlar» amal qilyapti. 54ta mamlakat – avtoritar boshqaruv ostida.
Manba: The Economist Intelligence Unit

Reytingning eng yuqorisidagi to‘rtta mamlakat o‘z o‘rnini saqlab qolgan: hamon Norvegiya birinchi (9,87), Islandiya ikkinchi (9,58), Shvetsiya uchinchi (9,39), Yangi Zelandiya to‘rtinchi (9,26) o‘rinda bormoqda. Yuqori beshlikdagi Daniya o‘z o‘rnini Finlandiyaga bo‘shatib bergan.

Katta yettilik davlatlaridan – Kanada 8, Germaniya 13, Buyuk Britaniya 14, Fransiya 20, Yaponiya 24, AQSh 25, Italiya 35-o‘rinda.

Estoniya (27-o‘rin) nafaqat sobiq sovet ittifoqi respublikalari ichida, balki butun Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng demokratik davlat bo‘lib qolmoqda. Bu borada keyingi o‘rinlarda Litva (36), Latviya (38) va Ukraina (78) qayd etilgan.

2006-2019 yillarda O‘zbekistonning Demokratiya indeksidagi ko‘rsatkichlari
Manba: The Economist Intelligence Unit

Tadqiqotchilarga ko‘ra, mintaqada jami 7ta avtoritar rejimdagi davlatlar bor. Bular – Rossiya, Qozog‘iston, Ozarboyjon, Belarus, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston.

So‘nggi o‘rinda – KXDR. Undan oldin – Kongo Demokratik Respublikasi, Markaziy Afrika Respublikasi va Suriya.

Ma'lumot uchun, EIU Demokratiya indeksini 2006 yildan buyon tuzib keladi. Izlanishlarning ko‘rsatishicha, 2019 yilda demokratiyaning o‘rtacha global reyting ko‘rsatkichi bir yil oldingiga nisbatan 0,04 punktga kamayib, 5,44ni tashkil etgan. Bu – 12 yillik tadqiqotlar davridagi eng yomon natijadir.

Indeks jami 60ta indikator bahosiga asoslanadi. Indikatorlar quyidagicha 5ta yirik guruhga ajratilgan (qavs ichida 2019 yilda O‘zbekistonga berilgan ball ko‘rsatkichi): «Saylovlar va plyuralizm» (10 balldan 0,08), «Hukumat faoliyati» (1,86), «Aholining siyosiy jarayonlardagi ishtiroki» (2,22), «Siyosiy madaniyat» (5,00) va «Fuqarolik erkinliklari» (0,88).

Mavzuga oid