Fan-texnika | 01:42 / 26.01.2020
14225
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi Boeing 777X samolyotining ilk sinov parvozi amalga oshirildi

Foto: Boeing

Boeing kompaniyasining yangi keng fyuzelyajli samolyoti Boeing 777X sinov parvozini o‘tkazish uchun ilk bor havoga ko‘tarildi. Bu haqida Boeing kompaniyasi ma'lum qildi.  

Layner Vashington shtatidagi Everett shahri yaqinidan havoga ko‘tarilgan. Kompaniya ushbu parvozning translatsiyasini olib bormoqda.

Avvalroq Boeing 777X parvozi bir necha marta qoldirilgandi. Oxirgi marta bu 24 yanvarda kuchli shamol sababli yuz bergan. Kompaniyada ta'kidlanishicha, ushbu parvoz “ikki dvigatelli eng yirik va eng tejmakor keng fyuzelyajli” samolyot sinovining eng muhim bosqichi hisoblanadi. 

2019 yil noyabrda layner yuklama sinovlarida bo‘laklanib ketgani ma'lum qilingandi. Samolyot fyuzelyaji qanotining ortidagi qismidan bo‘laklanib, undan yo‘lovchilar kirish eshigi tushib qolgan. O‘shanda kompaniya takroriy yuklama sinovlarini o‘tkazmasligi va bo‘laklanish joyidagi konstruksiyani mustahkamlashi mumkinligi ma'lum qilingan. 

Aytish joiz, yangi samolyotning sinovi Boeing jiddiy inqirozni boshdan kechirayotgan vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. 2019 yil dekabrda kompaniya 6 oy ichidagi ikkita aviahalokatdan keyin Boeing 737 Max samolyotlari ishlab chiqarilishi to‘xtatilishini e'lon qilgandi.

Mavzuga oid