O‘zbekiston | 15:40 / 28.01.2020
105141
3 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov hayotiga bag‘ishlangan fotoalbom taqdim etildi

Bugun, 28 yanvar kuni «Islom Karimov: ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson» fotoalbomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Albomda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi suratlar jamlangan.

Fotoalbom ko‘p yillar davomida birinchi davlat rahbarining fotosuratchisi bo‘lgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farhod Qurbonboyev va rassom Temur Qurbonboyev muallifligidagi noyob kadrlardan tashkil topgan.

Albomda Islom Abdug‘aniyevichning rasmiy tadbirlar, chet elga qilingan rasmiy tashriflari muhrlangan suratlardan tortib, oila va do‘stlar davrasidagi hordiq damlari tushirilgan lavhalarni ham ko‘rish mumkin.

Taqdimotni birinchi prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova albomning yaratilish jarayoni xususidagi nutqi bilan ochib berdi.

«Albomning yaratilishi bir necha dona oq-qora tusdagi fotosuratdan boshlandi. Ularning noyobligi muallifning yondashuvida, tanlangan rakursda edi. Ya'ni suratda aks etganlar rasmiyatchilikdan xoli, erkin va samimiy ko‘rinishda gavdalangan. Fotosuratlar nihoyatda haqqoniy ishlangan bo‘lib, birinchi prezidentning olmosdek o‘tkir va ehtirosli nigohi, yuzida aks etgan ichki kechinmalari, uning serqirra, dunyoqarashi keng, uzoqni ko‘ra bilish qobiliyatiga ega shaxs bo‘lganidan dalolat beradi.  

Bir so‘z bilan aytganda, bu suratlarda Islom Abdug‘aniyevichning sun'iylikdan xolis siymosini ko‘rishimiz mumkin. Shu bois ham biz Islom Karimov hayotining turli davrlari aks etgan ko‘plab oq-qora suratlarni yaxlit albomda jamlashga qaror qildik. Suratlar O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki 25 yilligi haqida so‘zlaydi», deydi Tatyana Akbarovna.

Fotoalbom ko‘rgazmasi Islom Karimov xotira haftaligi doirasida bo‘lib o‘tmoqda.

Fotoalbomdan joy olgan original fotosuratlar ko‘rgazmasi bugundan boshlab 12 kun davomida Fotochilar uyida keng jamoatchilik uchun namoyish etiladi.

Mavzuga oid