Jamiyat | 11:26 / 28.01.2020
15406
2 daqiqa o‘qiladi

Kosonda maktab direktori pora olayotganida ushlandi

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi maktablardan birining direktori maktabga ishga qabul qilish uchun 800 dollar miqdorida pora olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

«Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan viloyat prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Koson tumanidagi 98-sonli maktabi direktor N.Z. fuqaro D.U.ga o‘rta-maxsus ma'lumotli maqomini beruvchi qalbaki diplom tayyorlatib berish va uni ushbu maktabga laborant vazifasiga ishga qabul qilish evaziga undan 800 AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan», deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan N.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Andijonda 8 oylik farzandini 5 000 AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlangan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi hamda DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro J.A. (2000 y.t. oilali) 2019 yilda tug‘ilgan qiz farzandi R.A.ni fuqaro M.ga 5 000 AQSh dollariga sotib, farzandi R.A.ning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan ham J.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid