Jamiyat | 20:35 / 30.01.2020
15092
2 daqiqa o‘qiladi

«Odamlarning bizga munosabati o‘zgaryapti» – «Pokiza insonlar» aksiyasi Yunusobodda

Qishning sovuq qirovli kunlarida Toshkent shahri bo‘ylab har payshanba «Pokiza insonlar» aksiyasi o‘tkazib kelinmoqda. Aksiya tong sahardan kun botguncha shahar ozodaligini ta'minlayotgan obodonlashtirish xodimlariga minnatdorchilik sifatida tashkil etiladi. Aksiya bu safar Toshkent shahri Yunusobod tumanida o‘tkazildi.

Yunusobod tumani obodonlashtirish bo‘limi rahbarlari aksiya ishtirokchilari bilan birga ishchilar ishlab turgan manzillarga borib, aksiyaga hissa qo‘shishdi.

«Oldinlari bizni qamoqxonadan chiqqan deb o‘ylashardi»

Yunusobod tumani obodonlashtirish xodimlarini suhbatga tortganimizda ular ish jarayonida, ko‘cha-ko‘yda bo‘lib turadigan turli munosabatlar haqida gapirib berishdi.

«Aksiya ishtirokchilariga katta rahmat. Bizga katta hurmat ko‘rsatishyapti.

Yurtdoshlarimizning bizga nisbatan munosabati o‘zgaryapti, lekin yaxshilar qatorida ba'zida mensimasdan muomala qiladiganlari ham bor.

Ishlab turgan paytimizda birov rahmat aytsa, kimdir suv sepishimizni pisanda qilib la'nat aytib ketadi.

Jamoat transportlarida, ko‘pincha avtobusda yurganimizda, obodonlashtirish xodimlari ekanimizni aytib, imkonimiz darajasida ming so‘m uzatadigan bo‘lsak, ko‘nmaydi.

Bozor va boshqa jamoat joylarida ish kiyimida borsak, irganch holatda qaraydi, agar ko‘cha kiyimida borsak – boshqacha... Hurmat qilishi mumkin», – deydi bir guruh obodonlashtirish xodimlari.

Shuningdek, ular o‘z ishlaridan xursandligini ham bildirib o‘tishdi.

«8 yildan beri shu yerda ishlayman. Bizga yaxshi ish sharoitlarini yaratib berayotgan rahbarlarimizga katta rahmat. Dam olish va tushlik qilish uchun sharoitlarga ega maxsus vagon o‘rnatib berishdi. Vagon ikki xonaga ajratilgan, bir xonasi ayollarga, biri esa erkaklar uchun», – deydi obodonlashtirish xodimlaridan biri.

Eslatib o‘tamiz, «Pokiza insonlar» aksiyasi o‘tgan hafta Olmazor tumanida, undan oldin Yashnobod tumanida o‘tkazilgan edi.

Mavzuga oid