O‘zbekiston | 23:50 / 11.02.2020
19627
4 daqiqa o‘qiladi

O‘MI Saudiya elchixonasidan umra vizasini faqat ro‘yxat asosida berishni so‘ragan

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston musulmonlar idorasi Saudiya Arabistoni podshohligining Toshkentdagi elchixonasiga iltimosnoma kiritib, idora taqdim etgan ro‘yxatdan tashqari boshqa fuqarolarga umra vizasi bermaslikni so‘ragan.

Bu haqda idora Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Muhammad Akmalxon Shokirov 11 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Muhammad Akmalxon Shokirov, O‘zbekiston musulmonlar idorasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri

«Tasavvur qiling, ota-onangiz umraga borish uchun uch yildan beri navbatda turibdi. Navbatlari yaqinlashib kelayotganda, bu yoqdan boshqa bir odam elchixonaga kelib, umraga borish istagini bildirmoqda va ketyapti ham. Bu yerda adolat mezoni buzilmoqda. Shunaqa holatda nima qilgan bo‘lardingiz?

Haligi odamni to‘xtatib, nega navbatsiz tiqilyapsan, degan savolni berardingiz. Ana shu adolat mezoni buzilmasligining oldini olish maqsadida Saudiya Arabistoni podshohligining O‘zbekistondagi elchixonasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi taqdim etgan ro‘yxatdan tashqari boshqa fuqarolarga, iloji bo‘lsa, umra vizasi bermang, deb iltimos qilingan», – dedi u.

Saudiya Arabistoni O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari nega o‘zbekistonliklarga turistik viza bermaydi?

Bu haqdagi savolga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov javob berdi. Uning aytishicha, O‘zbekiston Saudiya Arabistoni tomonidan turizm vizasi beriladigan davlatlar ro‘yxatiga kiritilmagan.

«O‘zbekiston fuqarolariga turizm vizasi emas, umra vizasi beriladi. Turizm vizasi beriladigan davlatlar ro‘yxatida emasmiz.

Nimaga berilmaydi, bilasizmi? Kim nima deyayotganini bilmayman, lekin kuni kecha muftiy hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birgalikda Saudiya Arabistoniga hukumatlararo kelishuvga borib kelishdi. Shu yerda shu masala ko‘tarilgan.

Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari

Avvalroq qo‘mita raisi tomonidan e'tiroz bo‘ldiki, nimaga berilmaydi. Shundan keyin o‘sha yerning o‘zida tahlil qilib ko‘rildi va turizm vizasini berish bo‘yicha [Saudiya Arabistoni] hukumatiga murojaat qilindi.

O‘zbekiston fuqarolariga turli yo‘llar bilan, ya'ni xususiy yo‘llar bilan kelgan holatda juda ko‘p huquqbuzarlik holatlari aniqlandi, deb faktlarni berishgan. Bu faktlarni oshkor qilolmaymiz.

Ular: «Biz hozircha turizm vizasinimas, umra vizasini beramiz», deb aytishdi.

Xususiy turizm shirkatlari faoliyatlarini olib boryapti, bunga hech qanday to‘sqinlik bo‘layotgani yo‘q. O‘zbekiston fuqarolariga turizm yoki umra vizasi berilmayotgani haqida elchixonaning o‘zidan so‘ranglar, bizning bu haqda ma'lumotimiz yo‘q», deb aytdi Muzaffar Komilov.

Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, O‘zbekistonda haj va umra ziyoratlarini tashkillashtirish bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasigina shug‘ullana olishi mumkin xolos.

Garchi qonunchilikda xususiy turoperatorlarning mazkur faoliyat bilan shug‘ullanishiga rasmiy cheklov bo‘lmasa-da, «hujjatlarda bu narsa ko‘zda tutilmagan» degan sabab bilan ularning umra ziyoratini tashkil etishi, ziyoratchilar uchun umra vizasini olishiga yo‘l berilmay kelmoqda.

Mavzuga oid