O‘zbekiston | 15:42 / 21.02.2020
14055
3 daqiqa o‘qiladi

Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi koronavirus tufayli qoldirildi

Koronavirusning tarqalishi sababli global epidemiologik vaziyat yomonlashayotgan bir paytda, O‘zbekiston Respublikasi hukumati Toshkent xalqaro investitsiya forumi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yalpi majlisini 2020 yilning noyabr oyiga qoldirishga qaror qilindi.

Toshkent shahrida 5-6 mart kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi Xitoydagi koronavirus epidemiyasi tufayli kuz fasliga qoldirilgan. Bu haqda Investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ma'lum qildi.

Qayd etish kerakki, bu ushbu tadbir ikkinchi marta boshqa muddatga qoldirilishidir. Forum avvaliga 2019 yilning kuzida o‘tkazilishi belgilangandi.

«Koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq global epidemiya vaziyati tufayli hukumat Toshkent xalqaro investitsiya forumi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yalpi majlisini mart oyidan noyabrga qoldirishga qaror qildi», – deya Umurzoqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. U aniq sana keyinroq ma'lum qilinishini bildirgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu qaror forum ishtirokchilari va mamlakat fuqarolari orasida virus tarqalishi oldini olish zarurati bilan bog‘liq. 

Vazir shu kunlarda forum ishtirokchilarining uchdan bir qismi forumga kelishga rozi bo‘lmagani va aynan shu sabab forum qoldirilishiga sabab bo‘lgani haqida OAVda tarqalgan xabar haqiqatga mos emasligini qayd etib o‘tgan. «Aslida bunday gap bo‘lgani yo‘q. Forumda qatnashish istagini bildirganlar soni kutganimizdan ham ziyod bo‘ldi. Biz 1500 kishi ishtirok etishini mo‘ljallagandi, ayni vaqtda esa ro‘yxatdan o‘tganlar soni 1 700 nafardan ortiq», – deydi Umurzoqov. 

Shundan biznes vakillari – 1284, xorijiy hukumat vakillari – 422, ommaviy axborot vositalari vakillari – 42 kishini tashkil etdi. Ro‘yxatdan o‘tganlar dunyoning jami 63ta mamlakati vakillaridir.

Tashkiliy qo‘mita ilgari ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarni yangi muddatlar to‘g‘risida xabardor qilish bo‘yicha ishlarni tashkillashtiradi, shuningdek, Toshkent xalqaro investitsiya forumi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yalpi majlisini jahon ishbilarmon doiralari va yetakchi ommaviy axborot vositalari orasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.

Qo‘shimcha ravishda Toshkent xalqaro investitsiya forumi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yalpi majlisi to‘g‘risida aniq ma'lumotlar e'lon qilinadi.

Xitoyning Uxan shahrida 2019 yilning dekabrida tarqala boshlagan koronavirus epidemiyasidan zararlanganlar soni 36 mingdan oshib ketgan (jami 30 mamlakatda), virus qurbonlari soni 2 247 nafarni tashkil qilmoqda, 18 mingdan ortiq kishi tuzalib, uyiga qaytgan.

Epidemiya tufayli ko‘plab ommaviy tadbirlar keyinroqqa qoldirilmoqda yoki butunlay bekor qilinmoqda. Jumladan, Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) koronavirus tufayli Xitoydagi «Formula-1» Gran-Prisini keyinroqqa ko‘chirgan. Shuningdek, Barselonadagi yirik ko‘rgazma - Mobile World Congress koronavirus tahdidi tufayli bekor qilingan.

Mavzuga oid