O‘zbekiston | 14:29 / 25.02.2020
117689
2 daqiqa o‘qiladi

To‘y o‘tkazish tartibini buzganlik uchun qancha jarima solinishi ma'lum bo‘ldi

Tartibni tadbirlarni o‘tkazuvchi shaxs tomonidan buzish bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi

Foto: toylarmuborak.uz

Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi. 

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, loyiha Qonunchilik palatasi Kengashining va Senat Kengashining 2019 yil 14 sentyabrdagi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarning ixcham o‘tkazilishini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga asosan tayyorlangan.

Qonun loyihasi bilan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazish tartibiga qo‘yiladigan umumiy talablarga rioya qilmaslik uchun ma'muriy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilmoqda. 

Ushbu tartibni mazkur tadbirlarni o‘tkazuvchi shaxs tomonidan buzish – bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (2 230 000 so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilyapti. To‘yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari tomonidan bu tartibning buzilishi esa, bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari (6 690 000 so‘m) miqdorida jarima solishga olib keladi. 

Nazarda tutilgan huquqbuzarliklar ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (11 150 000 so‘m)miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda. 

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan qabul qilindi.

Mavzuga oid