O‘zbekiston | 15:49 / 02.03.2020
5114
4 daqiqa o‘qiladi

DXMlarda beriladigan subsidiyalar arzon uy-joylarga taalluqli emas – DXA

Foto: KUN.UZ

2019 yil 28 noyabrda “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilingan edi. Hujjatda jismoniy shaxslarga ipoteka krediti berishning zamonaviy bozor tizimini shakllantirish, uy-joyga muhtoj oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda manzillilik va shaffoflikni kuchaytirish maqsadida bir qator vazifalar belgilab berilgan.

Jumladan, farmonda kam ta'minlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun davlat budjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar to‘lanishi belgilangan bo‘lib, 2020 yil 1 martdan boshlab subsidiyalar olish uchun arizalar davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali berilishi ta'kidlangan.

Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirovaning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, farmonda ko‘zda tutilgan vazifalar ayrim fuqarolar tomonidan turlicha talqin qilinmoqda, bugun ertalabdan aholi vakillari davlat xizmatlari markazlariga yangi uylarga navbatga qo‘yishni, subsidiya berilishini so‘rab borgan holatlar kuzatilgan.

“Subsidiyalar (qaytarib bermaslik sharti bilan olinadigan qarz) ma'lum toifadagi fuqarolar uchun uylarni bozor narxida xarid qilishga beriladi. Ya'ni arzon uylarga hech qanday aloqasi yo‘q.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 fevraldagi 103-son qaroriga asosan, 2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi doirasida talabgorlarni tanlash bo‘yicha tuman (shahar) hokimligi huzuridagi komissiya subsidiya tayinlash bilan shug‘ullanmaydi.

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi 5886-sonli farmoni chiqqani munosabati bilan arzon uy-joylar dasturi yopilgani yo‘q. Hokimliklar fuqarolarni qabul qilmasliklari bo‘yicha qonunchilikda o‘zgartirish kiritilmagan. Shu sababdan, bu masalani chalkashtirish kerak emas.

Arzon uy-joy uchun navbatlar DXMlar orqali o‘zgartirilmaydi, ularning bu masalaga hech qanday aloqasi yo‘q. Bu bo‘yicha mahalliy hokimiyatlarga murojaat etishi lozim”, – dedi Sevara Zokirova.

Agentlik saytida e'lon qilingan xabarda davlat xizmatlari markazlari orqali yangi uylarga navbatga qo‘yish emas, balki sotib olinayotgan uyga dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar berish xizmati joriy etilishi alohida ta'kidlanadi.

“Farmonda subsidiya to‘lash sxemasi ko‘rsatib o‘tilgan. Biroq subsidiya tayinlash uchun fuqarolar aniq mezonlar doirasida tanlab olinadi va ulardan ariza bilan birga ma'lum hujjatlar jamlanmasini taqdim etish talab qilinadi. Ushbu mezonlar, aniq muddatlar va tasdiqlovchi hujjatlar jamlanmasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlanishi kerak va shundan so‘nggina ushbu xizmat to‘liq ishga tushiriladi.

Hozir DXA tomonidan davlat xizmatlari markazlarida ariza qabul qilish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi. Qaror qabul qilingandan keyin subsidiya oluvchilarni tanlab olish mezonlari tasdiqlanadi. Faqat qaror chiqishini kutish kerak. Subsidiyani to‘lash mezonlari tasdiqlanganidan so‘ng rasmiy kanalimizda bu haqida zudlik bilan ma'lumot joylashtiriladi”, – deyiladi agentlikning rasmiy xabarida.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid