Jamiyat | 19:16 / 02.03.2020
70571
3 daqiqa o‘qiladi

Mirishkor hokimi mahalla raislarini so‘kdi, viloyat hokimligi va bosh prokuratura munosabat bildirdi

Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabov uyatli so‘zlar bilan qo‘l ostidagi hamda yig‘ilishda ishtirok etgan shaxslarni haqorat qilgani Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati tomonidan tasdiqlandi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ham ushbu xabar bo‘yicha bayonot berdi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabov qo‘l ostidagilarni juda qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlagani audioyozuvi tarqaldi.

Ma'lum bo‘lishicha, hokim 28 fevral kungi yig‘ilishda mahallalar raislarini so‘kib haqoratlagan. 

Audioyozuvda hokim yig‘ilish ishtirokchilarini pul tushumlarini o‘z vaqtida ta'minlamagani uchun turli so‘zlar bilan haqoratlagani va so‘kkani, shuningdek, ba'zilarni urgani eshitiladi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati mazkur hodisa yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

«Audioda turli uyatli so‘zlar bilan yig‘ilganlarni «siylagan» [shaxs] tuman hokimi [Baxtiyor Rajabov] ekanligi aniq, inkor etish fikridan yiroqmiz. Bu borada ichki tartibda chora ko‘rish bilan cheklanish ham mumkin edi.

Ammo, qonuniy ravishda chora ko‘rilishi, «Nega oddiy xalq xato qilsa — jazo yoki jarima, hokim xato qilsa — kechirishmi?» kabi tabaqalashtiruvchi gap-so‘zlar kelib chiqmasligi tarafdorimiz.

Tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganishlar yakunlanishi bilan holat bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlarni e'lon qilamiz», — deyiladi Qashqadaryo viloyat hokimligi rasmiy munosabatida.

O‘zbekiston bosh prokuraturasi matbuot xizmati ham mazkur hodisa bo‘yicha munosabat bildirdi.

«Qashqadaryo viloyati prokuraturasi organlari tomonidan Internet nashrlarida va ijtimoiy tarmoqlarda 2020 yil, 2 mart kuni Mirishkor tumani hokimi B.Rajabovga mansubligi ta'kidlanib tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilmoqda. 

O‘rganish natijalari har tomonlama qonun doirasida ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan qo‘shimcha bayonot beriladi», deyiladi bayonotda.

Ma'lumot uchun, Baxtiyor Eshtemirovich Rajabov 2018 yilgacha Qashqadaryo viloyatining Koson tumaniga rahbarlik qilgan, 2018 yilning dekabrida ishdan olingan, ammo 2019 yilning martida u Qarshi shahri hokimi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan, ko‘p o‘tmay viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga aylangan, ammo 2019 yil oktyabrida viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev ishdan ketgach, uning o‘rinbosarlari qatorida Baxtiyor Jo‘rayev ham lavozimidan ozod etilgan va Mirishkor tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi. O‘shanda Baxtiyor Rajabovga va Xurram Jo‘rayevga O‘zbekiston prezidenti «so‘nggi imkon» berayotgani ta'kidlangandi.

Eslatib o‘tamiz, Mirishkor tumanining avvalgi hokimi Ravshan Komilov makkajo‘xori so‘talarini yulgan boboni nevaralari oldida izza qilib, haqoratlagani internetda tarqalgach, garchi u uzr so‘ragan bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmasdan vazifasidan ozod etilgan edi.

Mavzuga oid