O‘zbekiston | 22:06 / 02.03.2020
7909
4 daqiqa o‘qiladi

«Trastbank»ning Termiz filiali yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Foto: Trastbank

O‘tgan yili o‘zining 25 yillik to‘yini nishonlagan «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki bugungi kunda jadal rivojlanayotgan xususiy banklardan bo‘lib, u nafaqat mijozlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatda, balki filiallarning ichki va tashqi qiyofalari dizayni bo‘yicha ham ilg‘orlikda faoliyat yuritmoqda.

Joriy yilning 2 mart kuni Termiz shahri Navbahor ko‘chasida zamonaviy hamda milliy arxitektura uyg‘unligi talablariga to‘liq javob beradigan «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki Termiz filiali yangi binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Surxondaryo viloyati Bosh boshqarmasi mutasaddilari, bank va moliya muassasalari vakillari, tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari, bino qurilishida bevosita ishtirok etgan pudratchi tashkilot – “Inco-construction” mas'uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari jamoasi hamda filial xodimlari ishtirok etdi.

Foto: Trastbank

Bu kabi yangilanishlarga, Prezidentimizning 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori hamda 2020 yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlisga murojaatida bank tizimini rivojlantirish, filiallar tarmog‘ini kengaytirish, shu jumladan 2020 yildan boshlab har bir bankda keng ko‘lamli transformatsiya dasturi amalga oshirilishi borasida bergan topshiriqlari bosh omil bo‘ldi.

Viloyat hokimi To‘ra Bobolov o‘z nutqida «Trastbank»ning Termiz filiali 2009 yilning 18 dekabr kuni, ya'ni bundan 11 yil avval viloyatda tashkil etilganligi, bugungi kunda mijozlar soni ortgani, yangi zamonaviy binoga bo‘lgan talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki aksiyadorlari va boshqaruvi tomonidan zamonaviy va ko‘rkam binoning qurilishi ma'qullanganligi viloyat aholisiga quvonch baxshida etganligini alohida ta'kidladi. Albatta, bankning bu filiali mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shish bilan birga, mamlakatda biznes yuritishni istagan ishbilarmonlik vakillari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mijozlarga tez va samarali xizmat ko‘rsatish va qolaversa, viloyat miqyosida ajratilgan bank kreditlari hisobiga yangi ish o‘rinlari tashkil etish maqsadida o‘zining yangi filiali eshiklarini ochayotganligini qayd etib o‘tdi.

«Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki boshqaruvi raisi ta'kidlashicha, yangi binoni ochishdan maqsad bankni o‘z mijozlariga yanada yaqinroq qilish va ularning moliyaviy rivojlanishlariga ko‘maklashishdir. Bu esa, albatta bankning ham rivojlanishiga imkoniyat yaratadi. Bugungi kunda «Trastbank» o‘zining barqaror moliyaviy natijalari bilan rivojlangan xususiy banklar qatoridan joy olgan bo‘lib, mijozlar uchun barcha turdagi bank xizmatlari va mahsulotlarini taqdim etadi.

Foto: Trastbank

Shundan so‘ng, tantanali ochilish marosimining ramziy tasmalari kesilib, bank filialining ochilganligi rasman e'lon qilindi hamda filial boshqaruvchisiga binoning ramziy kaliti topshirildi. Tadbir ishtirokchilari zamonaviy hamda milliy arxitektura uyg‘unligi talablariga to‘liq javob beradigan, o‘z me'moriy dizayni bilan shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan filial binosi kirib, bank mijozlari va xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, qulayliklar bilan tanishdilar.

Mavzuga oid