O‘zbekiston | 17:16 / 05.03.2020
97046
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona davlat universiteti prorektoriga jinoiy ish ochildi

Farg‘ona davlat universiteti prorektori P.P. (ismi sharifi shartli o‘zgartirilgan) 2019-2020 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari vaqtida 18 nafar abituriyentni o‘qishga olib kirgani aniqlandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov Farg‘ona viloyatidagi oliy o‘quv yurti prorektori tomonidan sodir etilgan jinoyat fosh etilgani to‘g‘risida xabar berdi.

«Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan Farg‘ona davlat universitetida kirish imtihonlari natijalari soxtalashtirilgani holati yuzasidan JKning 228-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Tergovda aniqlanishicha, Farg‘ona davlat universiteti prorektori P.P. (ismi sharifi shartli o‘zgartirilgan) 2019-2020 o‘quv yili uchun «Jismoniy madaniyat» imtihon komissiyasining mas'ul kotibi etib tayinlanib, 2019 yil iyul oyida o‘tkazilgan «Jismoniy madaniyat» fakultetiga kirish imtihonlari jarayonida komissiyaning boshqa a'zolari bilan jami 18 nafar abituriyentning imtihon natijalarini sun'iy ravishda oshirib ko‘rsatib, soxtalashtirishi natijasida ushbu abituriyentlar oliy ta'lim muassasiga o‘qishga qabul qilingan», deyiladi xabarda.

2020 yilning 4 martida shahar prokuraturasi tomonidan universitet prorektoriga nisbatan JKning 205-moddasi 1-qismi va 209-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan ayb e'lon qilingan.

Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid