Sport | 18:54 / 07.03.2020
17154
4 daqiqa o‘qiladi

Shota va yigitlari. «Paxtakor» chempionlikni himoya qilishga tayyormi?

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston chempionatining amaldagi g‘olibi «Paxtakor» yangi mavsumni «Navbahor» ustidan mojaroli g‘alaba bilan boshladi. Shota Arveladze shogirdlari OChLda ham ikkita o‘yin o‘tkazib g‘alaba qozonishdi. Ichki chempionatda «Paxtakor» deyarli qarshiliksiz chempion bo‘lishi aytilmoqda, lekin Shota Arveladzening fikricha, bunday emas, 5-6 ta jamoa chempionlik uchun kurashadi.

«Paxtakor» mavsum oldidan tarkibini yanada kuchaytirib oldi. Asosiy yangilik shveysariyalik Eren Derdiyo‘qning kelishi bo‘ldi. O‘z vaqtida «Bayyer»da porlagan yulduz hozircha o‘zini ko‘rsatgani yo‘q, lekin Arveladze u muhim pallada kerak bo‘lishiga ishonmoqda. O‘tgan mavsumdagi OChL bahslarida «Paxtakor»ga nimadir yetishmagandi, o‘sha nimadir Derdiyo‘q bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, «Paxtakor» yangi mavsum oldidan Abror Ismoilov, Anzur Ismoilov va Umar Eshmurodov kabi futbolchilarni ham o‘z safiga qo‘shib oldi. Asad Sobirjonov ijaradan qaytdi. Keyinroq Eshmurodov «Nasaf»ga qaytib ketdi, chunki u tarkibga tusha olmasligi deyarli aniq bo‘ldi.

Mavsum startidagi dastlabki uch o‘yinda Arveladze xuddi o‘tgan mavsumdagi asosiy tarkibni tushirdi. Igor Sergeyev mavsumni juda yaxshi boshlaganini aytish kerak. Milliy jamoadagi muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan so‘ng ruhiy tushkunlikka tushib qolgan Sergeyev hozir yana eng yaxshi formasiga chiqa oldi. U «Paxtakor» safida 3 ta rasmiy o‘yinda 4 ta gol urishga ulgurdi. Shu bois Derdiyo‘q har qancha mashhur yulduz bo‘lmasin, asosiy tarkibda tushish uchun raqobatda g‘olib bo‘lishi kerak.

«Paxtakor»ning yangi mavsumga tayyorgarligi qanday kechgani, rejalar haqida bilish uchun jamoa mashg‘ulotlarini kuzatdik. Biz borganimizda jamoa superliga 2-turidan o‘rin olgan «Buxoro»ga qarshi o‘yinga tayyorlanayotgan edi. Mashg‘ulot jarayonini kuzatib barcha futbolchilar yaxshi holatda ekanini ko‘rdik.

Mavsumga tayyorgarlik qanday kechgani haqida Shota Arveladzening fikrlari bilan qiziqdik: «Mavsumga yaxshi tayyorlandik. Yig‘inlar vaqtida dastlabki ikki o‘yinni o‘z maydonimizda o‘tkazishimizni bilardik va bu o‘yinlarni yutishimiz kerak edi. Chempionatda ham qur'a bizni birinchi turdan «Navbahor»ga ro‘paro‘ qildi. Bu juda qiyin o‘yin bo‘ldi. Biz dastlabki uch o‘yinda g‘olib bo‘ldik va tayyorgarlik jarayonining dastlabki kichik qismini yakunladik desak bo‘ladi. Tayyorgarlik butun mavsum davom etishi kerak.

Chempionlik uchun doimgidek 5-6 jamoa kurashadi, lekin har bir chempionatda syurprizlar bo‘lishi mumkin. OChLda qanday vazifa qo‘yilgan? Guruhdan chiqish».

Albatta, Arveladze boshqa jamoalarga hurmat yuzasidan kamtarlik qilib ko‘pchilik chempionlik uchun kurashadi demoqda, lekin Superliganing yangi mavsumida chempionlik poygasi u qadar keskin kechmasligini taxmin qilish qiyin emas. Tan olish kerak, O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchilarini tarkibida jamlagan «Paxtakor» qolganlardan ancha kuchli.

Shota va yigitlari uchun asosiy maqsad OChLda uzoqqa borish, albatta. Nima deb o‘ylaysiz, «Paxtakor» Osiyo maydonlarida hamon katta jamoa ekanini isbotlay oladimi?

Operator va montajchi: Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid