O‘zbekiston | 19:22 / 13.03.2020
6027
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi dissertatsiyalarning 17 foizi tibbiyotga oid – OAK

3 yilda 3450ta dissertatsiya yoqlangan bo‘lsa, shularning 585tasi tibbiyotga oid, holbuki OAKda 23 yo‘nalish qamrab olingan.

Bugun, 13 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Milliy matbuot markazida «Tibbiyot fanlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari» mavzusida, tibbiyot sohasining yetakchi olimlari, ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh tadqiqotchilar, OAV vakillari ishtirokida brifing tashkil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Olimpiya qo‘mitasi rahbarining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari Iskandar Mavlonov O‘zbekistonda yoqlanayotgan dissertatsiyalarga oid qiziqarli ma'lumotlar bilan bo‘lishdi:

– Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan 23ta yo‘nalish qamrab olinganiga qaramay 3 yilda yoqlangan dissertatsiyalarni tahlil qiladigan bo‘lsak, 3450ta dissertatsiyaning 585tasi tibbiyotga oidligi ma'lum bo‘ladi. Tibbiyotga oid dissertatsiyalar 17 foizni tashkil qilayotgan bo‘lsada, birinchi o‘rinda emas. Birinchi o‘rinda 19 foiz bilan texnika yo‘nalishi turibdi.

Tibbiy yo‘nalishdagi dissertatsiyalar ko‘pligi sabablari ma'lum – tibbiyotda 50dan ortiq ixtisoslik shifrlari mavjud. Bundan tashqari, hisob-kitoblarga ko‘ra har 15 yilda jahon tibbiyoti to‘liq yangilanyapti, dunyodagi 25-30 foiz tadqiqotlar aynan shu sohada olib borilmoqda.

Kun.uz muxbirining tadqiqotchilarning o‘rtacha yoshiga oid savoliga I. Mavlonov shunday javob berdi:

– Dissertatsiya yoqlovchilarning o‘rtacha yoshi shubhasiz yasharyapti. Hozir menda aniq ma'lumotlar bo‘lmasada, aniq ayta olamanki, so‘nggi yillarda kamida 5 yoshga yashardi. Bundan tashqari, nomzodlik dissertatsiyalar bilan doktorlik (hozirgi kunda PhD) dissertatsiyalari o‘rtasidagi farq ham qisqarib bormoqda.

Mavzuga oid