Jamiyat | 14:31 / 14.03.2020
5564
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bo‘ylab «Yashil Vatanim» aksiyasi davom etmoqda

Respublikada ekologiyani yaxshilash, daraxtlar sonini ko‘paytirish natijasida atmosfera havosini tozalash va ekologik muammolarni bartaraf qilish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Shunday loyihalardan biri “Meros” jamoat fondi tomonidan ishlab chiqilgan “Yashil Vatanim” loyihasidir. 

Bu aksiya Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, davlatda ekologik farovonlikni ta'minlashga amaliy hissa qo‘shadigan ijtimoiy ahamiyatga ega ekologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga va amalga oshirishga qaratilgan. 

Bu tadbirga 4 mart kuni start berilgan bo‘lib, hozirgi kungacha Buxoro, Samarqand, Jizzax, Guliston, Qarshi, Termiz, Farg‘ona, Qo‘qon, Mo‘ynoq, Urganch, Navoiy shaharlari va boshqa 14 mintaqada daraxt ekish aksiyalari o‘tkazilib kelinmoqda. Xususan bugun, 14 mart kuni ham Toshkent shahridagi Chilonzor, Shayxontohur, Olmazor tumanlarida “Har bir fuqaroga - bir daraxt” aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya davomida tumanlardagi mahalla, maktab, ko‘p qavatli uylarning hovlisi va boshqa tashkilotlarning yon-atrofida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. 

Loyihaning birinchi bosqichini jurnalistlar, o‘zbek xonandalari, sportchilar, rassomlar va boshqa xalq orasida tanilgan insonlar boshlab berishdi. Tadbirning so‘ngi kuni joriy yilning 15 mart kuni hisoblanib, Toshkent shahrining Sergeli tumanida yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun mahalliy xonandalar tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid