Jahon | 13:25 / 23.03.2020
139356
11 daqiqa o‘qiladi

Erondagi vaziyat: Shifokorlar nima demoqda va hukumat nimani yashirmoqda?

​​​​​​​Xitoyda paydo bo‘lgan koronavirusdan eng ko‘p qiynalayotgan davlatlardan biri Eron bo‘lib turibdi. 21 mart kuni mamlakatda Navro‘z bayramini nishonlashdi, lekin odamlarning kayfiyati bayramona emasdi. VVS Erondagi holat qandayligi borasida surishtiruv o‘tkazdi.

Foto: BBC Persian / BBC Monitoring

Odamlar hukumat virus tarqalishining haqiqiy masshtabi haqida ma'lumotlarni yashirayotgan bo‘lishidan xavotirda. Vaziyat hozirgidan ham yomonlashishi mumkin, deb o‘ylamoqda eronliklar.

Eron shimolida joylashgan G‘ilondagi kasalxona shifokori Muhammad koronavirus Eronga kirib kelganining ilk kunlaridan boshlab tun-u kun bemorlarning hayoti uchun kurashmoqda. U o‘z oilasini 14 kundan buyon ko‘rgani yo‘q, bu vaqt davomida ko‘plab do‘stlari, hamkasblarini, jumladan, Tibbiyot instituti professori bo‘lgan ustozini ham yo‘qotdi. Ularning barchasi koronavirusdan halok bo‘lishdi.

«Bunday holat faqat bizning kasalxonada sodir bo‘layotgani yo‘q, koronavirus butun mamlakatdagi kasalxonalarni og‘ir ahvolga keltirib qo‘ygan. Ishchilar tushkun kayfiyatda, biz katta bosim ostidamiz, oilalarimiz qattiq xavotirda yashamoqda. Oddiy tibbiyot niqoblari yetishmayapti, har kuni shifokorlar o‘lmoqda. Hozir qancha odam o‘lganini aniq bilmayman, lekin hukumat virus tarqalishining haqiqiy ko‘lamini yashirmoqda. Har holda birinchi kunlarda yolg‘on ma'lumotlar berilgandi», deydi VVS bilan suhbatda Muhammad.

Eronlik shifokorlarda odamlarni davolash uchun vositalar yo‘q / Getty Images

Darvoqe, bu uning haqiqiy ismi emas, o‘zgartirilgan. Shunday qilmasa ham bo‘lmaydi, chunki Eronda hukumatga qaratilgan tanqidlar sabab odamlar qo‘lga olinishi mumkin. Covid-19 Eronning barcha 31 viloyatiga tarqalishi uchun 16 kun yetarli bo‘ldi. 16 mamlakatda ilk virus aniqlangan odamlar aynan Erondan kelgani aytildi. Bular Iroq, Afg‘oniston, Bahrayn, Kuvayt, Ummon, Livan, BAA, Kanada, Pokiston, Gruziya, Estoniya, Yangi Zelandiya, Belarus, Ozarboyjon, Qatar va Armaniston.

Xominaiy koronavirusni «biologik qurol» deb atadi / Getty Images

Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy ilk marta 19 fevral kuni koronavirus haqida chiqish qilib «dushman Erondagi ahvolni yomon qilib ko‘rsatishga urinayotgani»ni aytdi. Shuningdek, Eron diniy rahnamosi tvitterda koronavirusni «biologik qurol» deb atadi. Eron prezidenti Hasan Ruhoniy 26 fevral kungi chiqishida odamlarni tinchlantirishga uringan va hammaga «bemalol ishga borishi mumkinligini» aytgandi.

  • 23 mart holatiga ko‘ra, Eronda koronavirus yuqtirganlar soni 23 ming kishidan oshdi, 8376 kishi sog‘ayib ketgan. Bu dard fors davlatida 1812 odamning umriga zomin bo‘ldi.

Erondagi eng ko‘p yo‘qotishga uchragan G‘ilon, Guliston va Mozandaron viloyati shifokorlarining aytishicha, koronavirusni aniqlaydigan test to‘plamlari ularda mavjud emas. Shuningdek, kislorod ballonlari, niqob, qo‘lqop, tibbiyot xalatlari yetishmayapti. Kasalxonalar yetishmayotgani sabab harbiy gospitalar qayta jihozlanmoqda. Hatto futbol stadionlari kasalxonaga aylantirilgan. Tehrondagi tikuv fabrikalari 24 soat davomida faqat niqob ishlab chiqarmoqda.

Gulistondagi shifoxona vrachining aytishicha, ularga har kun o‘rtacha 300 nafar bemor olib kelinadi, ammo joy yetishmagani sabab ularning 60-70 foizi, faqat og‘ir ahvoldagilarigina kasalxonaga yotqizilmoqda. Hukumat esa rasmiy ma'lumotlarni faqat kasalxonada yotganlar bilan hisoblaydi.

Bu shifokorning aytishicha, uning kasalxonasida har kuni o‘rtacha 5 kishi koronavirusdan o‘lgan. Ba'zilar koronavirus testi topshirishga ham yetib bormay nobud bo‘lgan. Ular orasida shifokorlar ham bor.

Narjis Xonalizoda 23 fevral kuni hushini yo‘qotdi va ikki kun o‘tib vafot etdi

Ayniqsa 25 yoshli hamshira Narjis Xonalizodaning behush yotgan surati internetni junbishga keltirgandi. Bu qiz ikki kun o‘tib olamdan o‘tdi, ammo Eron hukumati u koronavirusdan vafot etganini rad etdi. Eron hamshiralar tashkiloti esa Narjis Xonalizoda aynan koronavirus qurboni bo‘lgani haqida e'lon qildi.

Erondagi davlat telekanallarida shifokorlar bemorlar hayoti uchun kurashayotgan kuchga to‘la qahramonlar sifatida ko‘rsatilishi davom etmoqda, ammo VVS bilan suhbatda bo‘lgan shifokorlarning aytishicha, ahvol yaxshi emas.

Virus nega bunchalik tez tarqaldi?

Ayni vaqtda Qumda barcha ziyoratgohlar yopilgan / Getty Images

Eronda koronavirus yuqtirgan dastlabki ikki kishi 19 fevral kuni Qumda halok bo‘lgandi. Ulardan biri tadbirkor bo‘lgan va virusni Xitoyda yuqtirgan. Eronda kasallik aynan Qum shahridan tarqala boshlagandi. Oyatulloh ham shialar uchun diniy markazga aylangan ushbu shaharda yashaydi. Bu shaharga har yili Erondan 20 million, xorijdan 2,5 million ziyoratchi boradi.

Qumda virus aniqlanganidan keyin bu shahar negadir izolyatsiya qilinmadi. Diniy rahnamolar ziyoratchilar kelishini cheklamaslik kerakligini aytishdi, oqibatda virus butun mamlakatga tarqalib ketdi. «Biz bu shaharni poklanish joyi deb hisoblaymiz. Odamlar u yerga ham ruhan, ham jismonan poklanish uchun borishadi», degandi diniy kengash vakili Muhammad Saidiy. Ayni vaqtga kelib Qumdagi shialar uchun muqaddas qadamjolar yopilgan.

Virus tarqalish tezligi kamaydimi?

Islom inqilobining 41 yilligi / Getty Images

Fevral oyida Eronda ikkita muhim voqea sodir bo‘ldi: islom inqilobining 41 yilligi nishonlandi va mamlakatda parlament saylovlari o‘tkazildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining favqulodda holatlar bo‘yicha mintaqaviy direktori Richard Brennanning aytishicha, 11 fevralda inqilob 41 yilligi nishonlanishidan avval Eronda virus aniqlangan va bu borada mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligiga ma'lumot yuborilgan. Ammo hukumat odamlarning kayfiyatini tushirmaslik uchun ma'lumotlarni yashirgan.

Fevral oyidagi parlament saylovlari / Getty Images

Hukumat uchun bu ikki tadbir o‘ta muhim bo‘lganini ham ta'kidlash kerak. Chunki so‘nggi yarim yilda Eron juda murakkab siyosiy inqirozni boshdan kechirdi. Avvalo keti uzilmagan norozilik namoyishlari, tartibsizliklar vaqtida yuzlab odamlar halok bo‘lishi, yanvarda esa Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi, Ukraina samolyotining urib tushirilishi. Hukumat odamlar orasidagi mavqeyini bilish uchun saylovdagi davomat va inqilob tantanasidagi odamlar ishtiroki orqali tahlil qilishni ko‘zlagandi. Virus xabari e'lon qilinishi esa har ikki ommaviy tadbirlarda davomat pasayishiga sabab bo‘lardi.

Saylovlardan 5 kun o‘tib Eronda virusga chalinganlar soni rasman 139 kishiga yetgani deb e'lon qildi. O‘sha kuni Qumdan saylangan deputat Ahmad Amirobodiy uning viloyatida allaqachon 50 kishi virusdan halok bo‘lganini aytdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Iroj Harirchi uning so‘zlarini rad etib, agar Eronda 50 kishi emas, 25 kishi koronavirusdan halok bo‘lgani tasdiqlansa, ishdan ketishini aytdi. Ko‘p o‘tmay vazir o‘rinbosari majlis vaqtida o‘zini yomon his qila boshladi va ahvoli yomonlashdi.

Keyinchalik unda koronavirusga chalinish holati tasdiqlandi. Karantinda tuzalgan Harirchi 13 fevral kuni jonli efirda ham ko‘rinish berdi.

VVS fors xizmatining aniqlashicha, Eronda virusdan vafot etganlar soni rasmiy ma'lumotlardan (1,5 ming) 6 barobar ko‘proq.

Nashr bilan suhbatda bo‘lgan qizning aytishicha, uning otasi koronavirusdan o‘lgan va oila a'zolari uning jasadini ham ko‘rmagan. Ularga otasi belgilangan tartibda Tehrondagi bosh qabristonda ko‘milgani aytilgan. Hozirda Eronda ko‘pchilik ishtirokida janoza marosimlari ham taqiqlangan. Bu borada fatvo ham berildi.

O‘t o‘chiruvchilar Tehrondagi bozorlarni dezinfeksiya qilishmoqda / Getty Images

Barcha ommaviy tadbirlar, sport musobaqalari taqiqlangan. 1979 yilda mamlakat Eron islom respublikasi deb e'lon qilinganidan buyon ilk marta juma ibodatlari bekor qilindi. 155 mingdan ortiq mahkum qamoqxonadan vaqtincha ozod qilingan.

Hukumat binolarining aksari, ofislar va banklar ishlashda davom etmoqda.

Tehronda ijtimoiy aloqalarni cheklash bo‘yicha kampaniya o‘tkazilmoqda

Ayni vaqtda o‘rta sinfga mansub bo‘lgan eronliklar uchun ham, masalan o‘qituvchi-pensioner va uning turmush o‘rtog‘i naqd pul topishda muammoga duch kelmoqda, busiz oziq-ovqat va yoqilg‘i sotib olib bo‘lmaydi.

«Biz har oylik pensiyamizni olish uchun bankka borishimiz kerak. Navro‘z uchun ham pul berishlari kerak edi», - deydi ayol

Erondagi va undan tashqaridagi mutaxassislarning aytishicha, agar hukumat virus to‘g‘risidagi ma'lumotlar shaffofligini ta'minlamasa va barcha yirik shaharlarni Qumda bo‘lgani kabi karantinga olmasa, virus butun mamlakatga jiddiy zarar yetkazadi

Prezident Ruhoniy bir necha marta hukumat shaharlarni yopib qo‘ymasligi va barcha do‘konlar ochiqligicha qolishi, hayot avvalgi yo‘sinda davom etishini ta'kidladi.

Oyatulloh Xominaiy bayramdagi nutqida koronavirus tarqalishiga qarshi kurashayotgan odamzodning bemisl qurbonliklari haqida gapirdi.

Fotima uchun Navro‘z hech qachon bu safargidek o‘tmagan.

«Butun umrim davomida bunaqa Navro‘zni ko‘rmaganman, hech qachon bayram vaqtida uyda yolg‘iz qolmaganman. Hatto urush vaqtida, Saddam [Husayn] shaharlarni raketalar bilan o‘qqa tutishni boshlaganida ham biz Navro‘z bilan tabriklash uchun bir-birimiznikiga mehmonga borardik», - deya xotirlaydi u.

Eronning o‘zi bu qiyin holatdan chiqib ketishi amri mahol, ammo mamlakat bu borada qaysarlarcha hech kimdan yordam so‘ragani yo‘q. Ba'zi davlatlar, masalan O‘zbekiston, Eronga insonparvarlik yordamlari yubormoqda. AQSh ham Eronga yordam berishga tayyorligini bildirdi, lekin oyatulloh bu taklifni qat'iyan rad etdi...

Mavzuga oid