O‘zbekiston | 18:38 / 23.03.2020
15055
2 daqiqa o‘qiladi

Karantin davrida kommunal to‘lovlar uchun jarimalar va penyalar joriy etilmaydi

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari G‘ofir Jamolov karantin davrida aholi uchun kommunal to‘lovlarni to‘lashda qulayliklar yaratilishi to‘g‘risida axborot berdi.

«Ichimlik, oqova, issiq suv ta'minoti korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarga karantin davrida to‘lovlar uchun jarimalar va penyalar joriy etilmaydi. Qarzdor iste'molchilar bo‘yicha sudlarga da'vo arizalari kiritilmaydi.

Shuningdek, iste'molchilar suv va kanalizatsiya tarmoqlardan uzilmaydi. Shu bilan birgalikda, to‘lovlarni masofadan turib amalga oshirish, tegishli savollariga javob olish maqsadida www.mjko.uz rasmiy sayti va www.mjkouzbot telegeram tarmoqlarida iste'molchilar uchun maxsus sahifalar yaratilgan.

Bundan tashqari, suv hisoblagichlarning davlat qiyoslov ko‘rigi muddati yaqinlashgan yoki muddati kelgan suv hisoblagichlari bo‘yicha hisob-kitoblar avvalgi o‘rtacha kunlik me'yorlar asosida amalga oshiriladi», dedi G‘ofir Jamolov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi maxsus shtabida tashkil etilgan brifingda.

Qo‘shimcha qilinishicha, aholiga ichimlik suv va issiqlik energiyasi uzluksiz yetkazib berilishini ta'minlash maqsadida vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarning bir qismi tavsiya etilgan shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda ish faoliyatini davom ettirmoqda. Qolgan qismi maksimal darajada masofaviy mehnat faoliyatini olib boryapti. 

Mavzuga oid