Yangi ordenlar va medal ta'sis etildi
III darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari, IV darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti beriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Deputatlar, jumladan, «III va IV darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordenini ta'sis etish to‘g‘risida»gi, «Sog‘lom avlod uchun» medalini ta'sis etish to‘g‘risida»gi qonun loyihalarini muhokama etdilar.
Parlament saytida xabar qilinishicha, III va IV darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ommalashtirish, jismoniy va tibbiy madaniyatni rivojlantirish orqali aholi salomatlik darajasini yuksaltirish, bu borada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, jismonan sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirishdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanadi. Ushbu ordeni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishlari mumkin.
III darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari, IV darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga esa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti beriladi. Shuningdek, mazkur ordenlar bilan mukofotlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan boshqa imtiyozlardan ham foydalanadi.
Deputatlarning qayd etishicha, mazkur ordenlar va medalning ta'sis etilishi mamlakatda xalqning salomatligini saqlash, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, sog‘lom avlodni voyaga yetkazishda fidokorona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda muhim o‘rin tutadi.
“Bu yangilik, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi butun dunyoga xavf solib turgan bugungidek kunda nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, o‘z sog‘lig‘i va hayotini xavfga qo‘yib bo‘lsa-da, odamlar salomatligi uchun kurashayotgan fidoyi kasb egalarini ma'naviy jihatdan rag‘batlantirishga imkon yaratadi”, - deyiladi ma'lumotda.
Mavzuga oid
14:13 / 21.11.2024
Akmal Saidov Shavkat Mirziyoyevga: “Yangi O‘zbekiston parlamentining me’mori kim deyishsa, sizni aytardim”
17:59 / 20.11.2024
Prezident normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik bilan muhokama qilinmayotganiga e’tiroz bildirdi
11:07 / 20.11.2024
Prezident xalqning talab va ehtiyojlari tobora o‘sib borayotgan sohalarni ma’lum qildi
10:57 / 20.11.2024