O‘zbekiston | 22:36 / 26.03.2020
10545
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘z fuqarolaridan voz kechmagan, kechmaydi ham – TIV

Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Avazbek Hojimetov AOKAda tashkil etilgan brifing doirasida O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasida qolib ketgan fuqarolar yuzasidan berilgan savolga ham javob berdi.

Hojimetovning so‘zlariga ko‘ra, turli ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘iston hududida qarovsiz qoldirilgani va chegaradan o‘tkazilmayotgani to‘g‘risida tarqatilgan axborotlar asossizdir. Mazkur vaziyat ham Tashqi ishlar vazirligi tomonidan nazoratga olingan. 

O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari «Jibek Jo‘li» – «G‘isht ko‘prik» nazorat-o‘tkazish punktidan o‘zbekistonliklarni o‘tkazish borasida o‘z vakolatlari doirasidagi vazifalarni bajarmoqda. Xususan, Bosh konsulxona taqdim etgan ma'lumotda qayd etilishicha, mazkur chegara posti orqali 24 mart kuni 850dan ortiq, 25 mart kuni soat 19:00 holatiga, 1400dan ziyod fuqaro O‘zbekiston hududiga o‘tkazilgan.

Tashqi ishlar vazirligi xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga alohida murojaat qilar ekan, hozirgi murakkab sharoitda sarosimaga tushmaslikka, imkon boricha o‘zlari bo‘lib turgan mamlakatning ichki tartib-qoidalariga rioya qilib, o‘z sog‘liqlarini saqlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishni so‘ramoqda. 

«Bu borada diplomatik vakolatxonalarimiz ham ko‘mak berishda davom etadi. O‘zbekiston Respublikasi o‘z fuqarolaridan voz kechmagan, kechmaydi ham», deyiladi vazirlik bayonotida.

TIV Euronews telekanalida namoyish qilingan reportaj yuzasidan ham bayonot berdi. 

Vazirlik rasmiysining bildirishicha, telekanaldagi lavhada Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari haqida so‘z borgan. 

«O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Moskvadan olib kelish bo‘yicha 21 martdan charter reyslarini tashkil etish boshlanganini qayd etishni istar edik. Bugungi kungacha, 4 charter reysi tashkil etildi. Beshinchisi 26 mart kuni soat 20:00 atrofida kelib qo‘nadi.

O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida, shu jumladan, mintaqalararo doimiy charter reyslarni amalga oshirish masalalari ishlab chiqilgan. Bundan maqsad, O‘zbekiston fuqarolarini vatanga olib kelishdir. Euronews telekanali lavhasi O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan haqiqiy vaziyatni aks ettirmaydi», deydi Hojimetov.

Brifingda ma'lum qilinishicha, Ispaniyaning 13 nafar fuqarosi 26 mart kuni charter reys bilan vataniga qaytarildi.

Ma'lum qilinishicha, vazirlikka Ispaniyaning Kadis va Xeres shifoxonalarining 6 nafar xodimi O‘zbekistonda karantin bois qamalib qolgani, ular mamlakatga qaytishga harakat qilayotgani haqida murojaat kelib tushgan. Murojaatchi vazirlikdan bu borada amaliy yordam ko‘rsatishni iltimos qilgan. 

Shu munosabat bilan TIV Ispaniya tomoni iltimosi bilan ushbu yo‘lovchilarni Yevropaga amalga oshiriladigan charter reys yo‘lovchilari ro‘yxatiga kiritish masalasini ijobiy hal etgan.

Mavzuga oid