O‘zbekiston | 12:50 / 30.03.2020
72029
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi kurashga ko‘ngillilarni jalb etish tartibi ma'lum qilindi

Koronavirus bilan og‘rigan bemorlarni davolash ishlariga tibbiyot xodimlari ko‘ngilli ravishda ishtirok etmoqchi bo‘lsa, qayerga murojaat qilish kerak? Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov AOKA qoshidagi shtabda o‘tkazilgan brifingda shu savolga javob berdi.

Foto: Hao Yuan / Xinhua / Global Look Press

Ma'lum qilinishicha, Covid-19 bilan kasallanganlarni davolash ishlariga yordam berishni istovchi ko‘ngilli tibbiyot xodimlari hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qilishlari mumkin. Qoraqalpog‘iston respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalari bu kabi ko‘ngillilar  ro‘yxatlarini shakllantiradi. Aynan ular tuzgan ro‘yxat orqali tibbiyot xodimlari koronavirus bilan og‘riganlar davolanadigan shifoxonalarga yollanadi.

«Bemorlarni davolash bilan shug‘ullanayotgan vrachlar va o‘rta tibbiyot xodimlari har 14 kunda o‘rin almashyapti. Ko‘ngilli tibbiyot xodimlari murojaat qilib, o‘zlari haqida ma'lumotlardan xabardor qilishsa, ishga jalb qilinadiganlar ro‘yxatiga kiritiladi. Birinchi marta ularning xizmatidan foydalanishga ehtiyoj bo‘lmasa, tibbiy xodimlarning navbatdagi brigadasiga qo‘shilishlari mumkin bo‘ladi», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tomonidan butun respublika bo‘yicha tibbiyot xodimlarini jalb qilish bo‘yicha rasmiy e'lon berilgan bo‘lib, «Milliy Palata COVID-19» maxsus telegram kanali orqali ko‘ngilli shifokor va hamshiralar o‘z ma'lumotlarini qoldirishlari mumkinligi ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid