O‘zbekiston | 22:49 / 30.03.2020
32300
2 daqiqa o‘qiladi

Bahrom Ashrafxonov Pensiya jamg‘armasi rahbarligidan ozod etildi

Bahrom Bahodirovich Ashrafxonov O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori lavozimidan ozod etildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

30 mart kuni Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori lavozimida ishlab kelgan Bahrom Ashrafxonov vazifasidan ozod etildi. 

Kun.uz manbasi xabar berishicha, Ashrafxonov O‘zbekistonning Ozarboyjondagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlanishi kutilmoqda.

Bahrom Ashrafxonov 2019 yil sentyabrida Pensiya jamg‘armasining ijro etuvchi direktori lavozimiga tayinlangandi

Bahrom Ashrafxonov 1969 yilda tug‘ilgan, 1993 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 1994 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlari Kentukki universitetini xalqaro valuta-kredit munosabatlari, davlat moliyasi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

U 1994−1998 yillarda — AIG Trading Group’ning Markaziy Osiyodagi vakili, 1998−2000 yillarda — UzAIG O‘zbekiston-Amerika sug‘urta kompaniyasi bosh menejyeri, 2000−2002 yillarda — Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 2002-2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari – Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

2005-2007 yillarda Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari, 2007-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligi boshlig‘i – Moliya vaziri o‘rinbosari bo‘lgan.

2016-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2018-2019 yillarda «O‘zbekneftegaz» AJ boshqaruv Raisi vazifasini bajaruvchisi bo‘lgan.

2019 yil fevralidan 2019 yil sentyabrigacha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining ijtimoiy soha masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagandi.

Mavzuga oid