O‘zbekiston | 17:18 / 31.03.2020
25221
3 daqiqa o‘qiladi

Karantin vaqtida mahalla xodimlarining uyma-uy yurganiga izoh berildi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi karantin sharoitida MFY xodimlarining uyma-uy yurib, targ‘ibot olib borayotganiga izoh berdi.

Vazirlik matbuot kotibi Saodat Boymirzayevaning qayd etishicha, mahalla xodimlarining xonadonlarga qatnovi ijtimoy yordamni o‘z egalariga yetkazish va karantin haqida ma'lumotlarni tushuntirish bilan izohlanadi.

«Ba'zi qishloq sharoitlarida, chekka mahallalarda elektr toki bilan bog‘liq uzilishlar borligi yoki internetdan foydalanish malakasiga hamma ham ega emasligini inobatga olgan holda, aholi orasida koronavirusdan himoyalanish, bu kasallikning oqibatlari haqidagi ma'lumotlarni barchaga yetkazish ishlari olib borilgan.

Bunda targ‘ibotning eng zamonaviy usullari asosida tushuntirish ishlari olib borilgan.

Mahalla xodimlari qaysi oilada nimaga ehtiyoj borligini yaxshi bilishadi. Nogironlar, yolg‘iz keksalar, moddiy imkoniyati cheklanganlar haqida ular ma'lumotga ega. Shu bois davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam, ijtimoy ta'minotning kerakli xonadonlarga manzilli yetib borishini ham mahalla fuqarolar yig‘ini ta'minlaydi.

Shuningdek, moddiy yetishmovchilik mavjud xonadonlarga tibbiy himoya vositalarini yetkazib berish ishlari ham tashkil qilindi», – deya Saodat Boymirzayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlik vakiliga ko‘ra, mahalla xodimlarining xonadonlarga kirib-chiqishida barcha gigiyenik himoya choralari ko‘rilgan.

«Bu tushuntirish ishlari tibbiyot xodimlari va ichki ishlar organlarining mas'ul vakillari hamrohligida amalga oshirildi. Bunda gigiyena qoidalariga qat'iy amal qilinyati. Ijtimoy masofaning saqlanishiga ham ahamiyat qaratilyapti», dedi u 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Ma'lum qilinishicha, bozorlarda narxlar mo‘'tadilligini saqlash borasida ham mahalla faollarining ishtiroki ta'minlangan.

«Karantin choralari ko‘rila boshlanganda bozorlarda, savdo nuqtalarida navbatlarning ko‘payib ketishi, narxlarni noqonuniy oshirish hollari bo‘ldi. Bu holatda vazirlik respublikadagi 5 mingga yaqin mahallaning faol nuroniylari orqali jamoatchilik nazoratini o‘rnatdi va narx-navoning mo‘'tadillashuvi uchun amaliy ta'sir ko‘rsata oldi», dedi Saodat Boymirzayeva.

Mavzuga oid