O‘zbekiston | 15:20 / 31.03.2020
5288
3 daqiqa o‘qiladi

Xususiy maktablarga martning ikkinchi yarmi uchun to‘langan pul qaytariladimi?

Ota-onalar tomonidan mart oyi uchun oldindan to‘lov amalga oshirilgan bo‘lsa, oyning ikkinchi yarmida dars mashg‘ulotlari bo‘lmagani sababli o‘tilmagan darslar uchun to‘langan pul qaytarilishi kerak. Agar xususiy maktab onlayn darslarni tashkil qilsa, unda yangi to‘lov narxi kelishuvga asosan belgilanadi.

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati rahbari Feruza Madrahimova nodavlat maktablar uchun mart oyining ikkinchi yarmiga pul to‘lagan ota-onalar bilan qayta hisob-kitob qilinishi mumkinligi haqida ma'lumot berdi.

Feruza Madrahimovaning aytishicha, nodavlat umumta'lim tashkilotlarida ta'lim oluvchining o‘qishi uchun to‘lanadigan to‘lov miqdori va to‘lovni amalga oshirish davriyligi umumta'lim tashkiloti va ota-ona o‘rtasidagi shartnomada belgilab qo‘yiladi.

«Karantin munosabati bilan 2020 yil 16 martdan boshlab barcha davlat va nodavlat ta'lim tashkilotlarida o‘qish jarayoni to‘xtatilib, ta'til e'lon qilindi.

Bu vaziyatda ota-onalar tomonidan mart oyi uchun oldindan to‘lov amalga oshirilgan bo‘lsa, mart oyining ikkinchi yarmida dars mashg‘ulotlari olib borilmagani sababli qayta hisob-kitob asosida o‘tkazilmagan dars mashg‘ulotlari uchun to‘langan to‘lov qaytarilishi lozim.

Agar tomonlar o‘rtasida nizo chiqsa, tegishli fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilinishi kerak», – dedi Madrahimova 31 mart kungi brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar xususiy maktablarda onlayn darslar tashkil qilinayotgan bo‘lsa, bu holatda maktab uchun to‘lov qilinishi mumkin.

«Karantin davrida nodavlat umumta'lim tashkiloti tomonidan onlayn shaklda dars mashg‘ulotlari tashkil etilayotgan bo‘lsa, tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga qo‘shimcha kelishuv imzolash orqali darsni tashkil etish shakli hamda to‘lov miqdori kelishib olinishi mumkin», – deya Feruza Madrahimovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Inspeksiya vakiliga ko‘ra, yangi to‘lov miqdorini belgilashda ovqatlanish va boshqa yakka tartibda ishlash xarajatlari chegirib tashlanishi lozim.

Agar to‘lov miqdori bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma tomonlar roziligi yoki nizo bo‘lganda sud tartibida bekor qilinishi mumkin.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid